Hisoblash texnikasi

Hisoblash texnikasi – hisoblash jarayonlarini, axborotlarni to’plash, saqlash va uzatish masalalarini hal qilishni mexanizasiyalashtirish va avtomatlashtirish vositalari majmui; texnikannng hisoblash mashinalari va qurilmalarini ishlab chiqish, tayyorlash va ishlatish bilan shug’ullanadigan tarmog’i. Vaqtni hisoblash, yer maydonlarining sathini aniqlash, savdo- sotiq hisoblari va boshqa yumushlar bilan bog’liq masalalar qadimdan ma’lum. Hisoblashlarni mexanizatsiyalashtiruvchi dastlabki sodda qurilmalar — abak, Xitoy cho’ti va oddiy hisoblash masalalarini yechish qoidalari miloddan avvalgi vujudga kelgan. Neper shkalasi, logarifmik lineyka, B.Paskalning (Frantsiya) Arifmetik mashinalariga o’xshash hisoblash qurilmalari 17-asrdayoq ma’lum edi. 18— 19-asrlardagi sanoat inqilobi Hisoblash texnikasi rivojlanishiga turtki bo’ldi. 1833 yilda ingliz olimi Ch.Bebbij arifmetik va xotira qurilmali dasturli boshqariladigan katta arifmometr — “analitik mashina” loyihasini ishlab chiqdi, lekin uning loyihasi 100 yildan keyingina muhanlislar diqqatini o’ziga jalb qildi. 1944 yil AQSh da elektromagnit releda ishlaydigan “Mark-1” dasturli boshqariladigan raqamli hisoblash mashinasi (RHM) qurildi. 20-asr 40-yillarida dasturli boshqariladigan elektron RHMning yaratilishi Hisoblash texnikasi taraqqiyotida keskin burilish yasadi. Keyinchalik RHMning texnik parametrlari takomillashtirilib borildi, ularning ishlash tezligi va xotira hajmi bir necha marta orttirildi. 1950 yilda Ukraina Fanlar Akademiyasi akademik S.A.Lebedev rahbarligida birinchi elektron RHM “MESM” (kichik elektron hisoblash mashinasi) qurildi. 1953 yilda S.A.Lebedev rahbarligida aniq mexanika va hisoblash texnikasi institutida “BESM” (tez ishlaydigan elektron hisoblash mashinasi) yaratildi. Elektron texnikasining rivojlanishi Hisoblash texnikasining tez takomillashishiga sabab bo’ldi. Dastlabki EHM lari lampali bo’lgan, keyinchalik ular yarimo’tkazgichlardan tayyorlana boshladi. Bunday EHMlarning bir necha avlodi yaratildi. Hozir asosan kompyuterlar ishlatiladi. Axborotlarni qayta ishlash tizimlarida, kemalar, samolyotlar, kosmik ob’yektlar va boshqalarning koordinatlarini tez va aniq belgilashda, kutubxonalardagi jarayonlarni va bibliografik ishlarni mexanizatsiyalashda, bank, omonat kassalar va boshqa moliya muassasalarining ishlarni markazlashtirishda Hisoblash texnikasidan keng foydalaniladi. O’zbekistonda Hisoblash texnikasiga doir ilmiy tadqiqot ishlari Kibernetika instituti, O’zbekiston milliy universiteti, Toshkent texnika universitetida olib boriladi.