Hodi Toqtosh

Hodi Toqtosh (taxallusi; asl nomi Toqtoshev Hodi Xayrullayevich) (1900.20.12, Tambov guberniyasi Spasskoe qishlog’i — 1931.8.12, Qozon)— tatar shoiri. Tirikchilik tashvishi bilan 1915 yilda Buxoroga ko’chib kelib, 1917 yil voqealariga qadar shu yerda yashagan. 1921 yil Turkiston qo’shinlari tarkibida Toshkentda xizmat qilgan, ayni paytda qisqa muddat Kommunistik universitetda tatar tili va adabiyotidan dars bergan. 1922 yilda Orenburgga borib, “yo’qsillar so’zi” gazetasida ishlagan. So’ngra qozonga qo’chib borgan va qizg’in adabiy faoliyat bilan mashg’ul bo’lgan. Ijodi 1918 yilda boshlangan. U Sharq romantik she’riyati an’analari ruhida “Azroillar” (1916), “O’ldirilgan payg’ambar” (1918), “unutilgan qasam” (1921) singari she’rlar, “yer o’g’lonlari” (1922) she’riy tragediyasini yozgan. Hodi Toqtoshning “sirkida ovuli”, “dovuldan so’ng” (1924), “Mukamay” (1929) dostonlari, “tong shabadasi” (1928-29) tugallanmagan romani va boshqa asarlarida 20-yillardagi inqilobiy voqealar o’z aksini topgan. Shoirning “muhabbat tavbasi” (1927), “Alsu” (1929) dostonlari va “Yo’qolgan go’zallik” (1928) dramasida yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi bilan bog’liq masalalar ko’tarilgan. Tataristonda jamoalashtirish kampaniyasining o’tkazilishi mavzusiga bag’ishlangan “Komil” (1930) dramasi o’z davrida tatar dramaturgiyasining taraqqiyotiga katta ta’sir ko’rsatgan. Hodi Toqtosh tatar she’riyatiga yangi mavzular bilan birga yangi ohanglar olib kirgan, qofiya imkoniyatlarini kengaytirib, tatar adabiyotini yangi she’riy shakllar bilan boyitgan. Hodi Toqtosh G’afur G’ulom, G’ayratiy, Amin Umariy, Shokir Sulaymon va boshqa o’zbek shoirlari bilan ijodiy aloqada bo’lgan. Uning “kelajakka xatlar” (1931) dostoni va bir necha she’rlari o’zbek tiliga tarjima qilingan.