Hojiabdulaziz Abdurasulov
Hojiabdulaziz Abdurasulov (Rasulov; 1852 — Samarqand — 1936) — xonanda, sozanda (tanbur, dutor), bastakor, O’zbekiston xalq artisti (1932). Tanbur ijrochiligi va Shashmaqomning cholg’u yo’llarini Hoji Rahimberdidan, hofizlik san’ati sirlarini hamda Nasr sho’balarini samarqandlik Borux Hofiz, keyinchalik ota Jaloldan o’rgangan. Haj safarlarini qilib (1887-88 va 1907-08), Eron, Arabiston, Hindiston, Afg’oniston xalqlari musiqa madaniyati, ijrochilik uslublari bilan tanishgan, o’z san’atini ham namoyish etgan. 1920-yillari kontsert guruhlarida qatnashgan, musiqa to’garaklarini tashkil etgan. Samarqandda musiqa va xoreografiya institutida o’qituvchi (1928 — 31); M.Ashrafiy, T.Sodiqov, Yu. Va R.Rajabiylar, I.Ikromov, M.Burhonov, D.Zokirov, M.Leviev, N.Hasanov kabi san’atkorlar Hojiabdulazizdan ta’lim olishgan. Hojiabdulaziz murakkab ashula yo’llarini o’z ovoziga moslab, ijodiy yondoshgan holda o’zbek va tojik tillarida mahorat bilan aytgan. U “Guluzorim”p turk, “Bozurgoniy”ga Zebo pari, “bebokna” va “Ushshoq” yo’llariga Namudi Uzzol, “Abdurahmonbegi”ga namudi Navo avjlarini bog’lab, ularning ta’sirchanlik va yoqimlilik kuchini orttirgan. “Ushshoq” shu tufayli ham “ush-shoqi Hoji” va “Samarqand ush-shog’i” nomlari bilan mashhur. Xonanda repertuarida 200 dan ortiq xalq ashulalari va maqom yo’llari bo’lib, ular ichida mumtoz musiqa asarlari asosiy o’rin tutadi. Jumladan, “Ushshoq”, uning taronasi, qashqarchasi va Ufari, “rosti Panjgoh”, “Iroq” va “Navo” maqomlari yo’li, “Abdurahmonbegi-1”, uning Ufari, “Nasrulloyi”, “Iroq”ning qashqarchasi va Ufari, “Gulyor”, “orazi Gulyor”, “Ufar”, “Arzimni aytay”, “Qurbon o’lam” va hokazolar. Kuy va ashula yo’llari alohida ajralib turadi. Ularni Hojiabdulaziz Sharq mumtoz shoirlari — Hofiz, Navoiy, Fuzuliy, Zebunniso, Amiriy, Fazliy kabilarning g’azallari bilan aytgan. Hojiabdulaziz mohir sozanda sifatida ham tanilgan bo’lib, maqom yo’llarini tanbur va dutorda ijro etgan. Ijrosidagi ko’pgina ashulalar 1909 yildan boshlab gramplastinka va fonograflarga yozib olingan. Samarqand musiqa kollejiga Hojiabdulaziz nomi berilgan. 1997 yildan Samarqandda Hojiabdulaziz nomidagi xonandalar tanlovi o’tkazilmoqda. Hojiabdulaziz vafotidan so’ng “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan (2001).