Hojimuqon

Hojimuqon (asl ism-sharifi Muqon Mungaytpasov) (1871, hozirgi Oqmo’la viloyati Qoraetgel qishlog’i — 1948.12.8, Janubiy Qozog’iston viloyati Aris qishlog’i) — qozoq polvoni, yunon-rum kurashi bo’yicha professional kurashchilar o’rtasida jahon chempioni (1909, Riga; 1911, Varshava). To’y kurashlarida chiniqqan Hojimuqon 1901 yilda Omsk tsirkida ilk bor professional kurashchi bilan bellashgan. Peterburgga taklif etilgan. 2 yil davomida yunon-rum kurashi ustalari bilan birga shug’ullangan. 1904 yil Parijda o’tkazilgan xalqaro musobaqada g’olib chiqib, xalqaro maydonda tanilgan. U Yevropa mamlakatlarida asosan Vengriya,Germaniya, Polsha, Frantsiya, Afg’oniston, Xitoy kabi mamlakatlarda o’tkazilgan musobaqalarda qatnashib, 48 ta medalni qo’lga kiritgan. Hojimuqon O’zbekistonda ham bo’lgan, 1926 yil Toshkentda rus polvoni K.Buldni yenggan. Hojimuqon “Qozoq o’lkasining qahramoni” faxriy unvonini olgan (1927). 2-jahon urushi davrida Hojimuqon shahar-qishloqlarda polvonlik tomoshalari ko’rsatib to’plagan mablag’ini harbiy samolyot yasash uchun topshirgan. O’rdaboshi tumani markazida Hojimuqon muzeyi bor (2001 yil ochilgan).