Hovuz

Hovuz — suv yig’ish va saqlash uchun qazilgan chuqur joy; ichimlik suvi saqlanaligan sun’iy suv havzasi. Hovuzning to’rtburchak, aylana, ko’p (6— 8) qirrali ko’rinishga ega turlari mavjud. O’rta Osiyo va yaqin Sharqning ayrim mamlakatlarida keng tarqalgan; asosan masjidlar yonida shaharlar maydonlari, bog’lar, chorbog’lar, saroy hovlisi va boshqalarda bunyod etilgan; atrofi toshlar bilan qoplab yoki daraxtlar ekib mustahkamlangan. Hovuzlar favvoralar bilan bog’liq bo’lgan. Hovuzning qadimdan me’morlikda ahamiyati katta bo’lgan. Qadimgi Misrda to’g’ri to’rtburchak shaklidagi Hovuz yo’lkaning 2 tomonida bunyod etilgan. Keyinchalik me’moriy majmualar mujassamotida Hovuzdan unumli foydalanila boshlangan: Agradagi Tojmahal, Buxorodagi Sitorai Mohi Xosa, Labihovuz, Bolohovuz va boshqalar shular jumlasidan. 18-asrga oid yozma manbalarda qayd etilishicha, Toshkentning Markaziy maydoni — Registon va Shayxontohurda eng katta Hovuzlar bo’lgan, uning atrofida tut, chinor daraxtlari o’sgan, qo’lyozmalarga ishlangan miniatyuralarda ham Hovuz o’z ifodasini topgan. Turkiya me’morligida uy devorlariga taqab yarim aylana shaklida bunyod etilgan Hovuzlar ham uchraydi. Marmar qoplab ishlangan Hovuz bejirim ko’rinishga ega bo’lgan, sirtlari ravoqlar, guldastalar, jez panjaralar bilan bezatilgan. Buxoro shahrida 300 dan ortiq Hovuz bo’lganligi 19-asr hujjatlarida qayd qilingan. 20-asrda esa sanitariya talablari bahonasi bilan aksari Hovuzlar quritib o’rniga binolar qurilgan. Hozirda O’zbekiston hududida tabiiy sharoitlarni hisobga olgan holda Hovuz (suv havza)lar bunyod etiladi, ular favvoralar bilan uyg’unlikda ajoyib manzara, so’lim maskanlar hosil qiladi. Shuningdek, suzishga mo’ljallangan Hovuzning usti ochiq va yopiq turlari ko’plab quriladi.