“Hudud ul-olam”

“Hudud ul-olam” (“olam chegaralari”), “kitobi hudud al-olam minal mashriq ilal mag’rib” — tarixiy-Geografik asar. Noma’lum muallif tomonidan fors tilida 982-83 yillarda juzjon viloyatida yozilgan bo’lib, shu viloyat hokimi Amir Abul Xoris Muhammad ibn Ahmadga bag’ishlangan. Bu asar o’z zamonasida ham, 19-asr oxirigacha ham shu nom bilan hech qaysi manbada qayd etilmagan; 1258 yil qayta ko’chirilgan. Asar boshqa nom bilan mashhur bo’lganligi taxmin etiladi. Asar jami 60 bob (maqola)dan iborat bo’lib, muqaddimadan keyin quruqliklarning chegaralari, dengiz va qo’ltiqlar, orollar, tog’lar, konlar, daryolar, cho’llar va qumlar, so’ngra jahondagi viloyatlar ta’rifi berilgan, shuningdek ko’plab etnografik va iqtisodiy ma’lumotlar keltirilgan. Muallif yerning obod qismini 51 viloyatga bo’lgan va uning 45 tasi ekvatordan shimolda 1 tasi ekvator ustida, 5 tasi ekvatordan Janubda degan. U qit’alar haqida fikr yuritib yunonlar zamonidayoq dunyo 3 qismga: Osiyoi Akbar (Katta Osiyo), Libiya (Afrika) va Urupo (Yevropa)ga bo’linganini aytib, har birining chegarasini ko’rsatib bergan. Asarda O’rta Osiyo, xususan, O’zbekistonga doir geografik, etnografiya ma’lumotlar ko’plab uchraydi. Xususan, Buxoro, Poykend, Sug’d, Tavovis, Karmana, Kushoniya, Samarqand, Kesh, Termiz, Kot, Farg’ona, Shosh va boshqa shahar va viloyatlar ta’rifi keltirilgan. Asarning yagona qo’l yozma nusxasini Abdulfozil Gulpoygoniy 1892 yil Buxorodan topgan. 1893 yildan Sharqshunos A.G.Tumanskiyning shaxsiy kutubxonasida saqlanib, 1924 yil Osiyo muzeyi fondiga berilgan. V.V.Bartold “Hudud ul-olam” matnini so’zboshi va izohlar bilan rus tilida (1930), V.F.Minorskiy ingliz tilida (1937) nashr ettirgan. Ad.Hasanov H., Sayyoh olimlar, T., 1981.