HUKMRON PARTIYA

HUKMRON PARTIYA — demokratiya sharoitida parlamentda, aniqrog’i uning quyi palatasida ko’pchilik deputatlik mandatiga ega bo’lgan va shuning uchun hukumatni shakllantirishga ta‘sir etadigan partiya. Ushbu holatda hukumat mazkur partiyaning vakillaridan tuziladi va u bir partiyalik hukumat bo’lib hisoblanadi. ―Hukmron partiya tushunchasi shartli tushunchadir. Chunki saylovlarda g’alaba qozongan partiya amalda bo’lgan qonunlar bilan hisoblashmaslik va ularga qarshi nojo’ya harakatlar qilish huquqiga ega emas. Parlament ham, hukumat ham jamiyat muayyan qismining manfaatini emas, balki butun xalq manfaatini inobatga olishi shart. Hukmron partiyaning o’ziga xos ko’rinishiga sobiq SSSRdagi partiyaviy tizim misol bo’ladi. SSSR Konstitutsiyaning 6- moddasida KPSSning rahbarlik roli, ya‘ni hukmron partiya maqomi o’z konstitutsiyaviy tasdig’ini topgan edi. Biroq, ushbu holatda ham partiya manfaati xalq manfaatlaridan rasman yuqori qo’yilmagan, aksincha partiya va xalqning manfaatlari yagonaligi uqtirib turilardi. Shuningdek, bir qator chet el mamlakatlar tarixi va amaliyotida boshqaruv, hukmronlik qiluvchi sifatida alohida partiyalar maqomi belgilab qo’yilganini kuzatish mumkin.