Humayniy Ruhullo Musoviy
Humayniy Ruhullo Musoviy (1900, boshqa ma’lumotlarga ko’ra 1898 yoki 1903-1989) — din va davlat arbobi. Eronning Aroq shahri yaqinidagi Humayn qishlog’ida ruhoniy oilada tug’ilgan. Avval Aroqda, keyin Qum shahrida o’qigan, o’sha yerda madrasada dars bergan. 50-yillar oxirida Oyatulloh deb atala boshlagan. Eronda shoh hokimiyaiga qarshi kurash olib borgani uchun shoh jandarmeriyasi tomonidan 1963 yilda qamalgan, 1964 yilda Turkiyaga badarg’a qilingan. 1965 yilda Iroqqa borib, shialikning muqaddas markazi hisoblangan Najafda madrasada dars bergan. Shoh hukumatining talabi bilan 1978 yilda Humayniy Iroqdan ham badarg’a qilingan. Quvayt hukumati unga mamlakatga kelishga ijozat bermagandan keyin, Parijda joylashgan. U yerdan turib, shoh hokimiyatiga qarshi kurashni va Eronda boshlangan inqilobiy harakatga yo’llanma berishni davom ettirgan. Shoh hokimiyati ag’darilgandan so’ng 1979 yil Fevralda Eronga qaytib kelgan. Eron Islom Respublikasi tashkil etilgandan keyin Humayniy rasman davlat rahbari (viloyati faqih) deb Konstitutsiyada e’tirof etilgan. Diniy rahnamo sifatida u “Marjai taqlid” hisoblanib, Imom deb yuritilgan.