Huquq
Huquq — davlat tomonidan belgilangan yoki tasdiqlangan umumiy majburiy ijtimoiy normalar tizimi. U huquqiy munosabatlar va fuqaroning davlat tomonidan mustahkamlanadigan, kafolatlanadigan va muhofaza etiladigan asosiy huquqlarini o’z ichiga oladi. Huquq davlat bo’lib uyushgan jamiyatda paydo bo’ladi va mulkchilik munosabatlarini, xo’jalik aloqalari mexanizmini mustahkamlaydi, mehnat va uning mahsulotlarini jamiyat a’zolari o’rtasida muayyan o’lchov va shakllarda taqsimlab turuvchi vazifasini o’taydi (fuqarolik Huquqi, mehnat Huquqi); vakolatli organlar, davlat boshqaruvi organlari shakllanishi, tartibi, faoliyatini belgilab beradi, nizolarni qay yo’sinda hal qilish kerakligini, mavjud ijtimoiy munosabatlarni buzishga qarshi kurash choralarini (jinoyat Huquqi, prosessual Huquq) belgilaydi, shaxslar o’rtasidagi munosabatlarning xilma-xil shakllariga ta’sir ko’rsatadi (oilaviy Huquq). Huquq normalari boshqa ijtimoiy tartibga soluvchi normalar (din, axloq, odat va boshqalar)dan o’zining majburiyligi bilan ajralib turadi. Huquqning 2 yoki undan ortiq davlatlarning xohish-irodasi, istaklari bilan vujudga keltiriladigan xalqaro huquq hamda faqat bir davlat doirasida bo’lgan milliy Huquq ko’rinishlari bor. Fanda Huquqni “geografik” jihatdan bo’lib talqin qilish ham mavjud. Unga ko’ra quyidagi huquqiy tizimlar (“huquq oilalari”) farqlanadi: kontinental (yoki roman-german), anglosakson (yoki ingliz-amerika), indeys, musulmon huquqi. Qiyosiy huquqshunoslik namoyandalari “sotsialistik davlat”lar deb atalgan davlatlar Huquqini ham alohida tizimga kiritishni taklif etadilar. O’zbekiston Respublikasi huquqi kontinental Huquq tizimiga mansub. Huquqning o’ziga xos umumiy va maxsus belgilari mavjud. Huquqning ijtimoiyligi, normativ ko’rsatmalardan iboratligi, adolat va erkinlik g’oyalarini ifodalashi, umummajburiy va irodaviy xususiyatlari, qonuniy aniqligi, rasman belgilanganligi, tizimligi va jo’shqinligi, davlat tomonidan muhofaza etilishi shular jumlasidandir. Huquq tushunchasi va mohiyatini aniqlash bo’yicha 3 asosiy yondashuv bor: a) Huquqga mutlaq yuridik normalar tizimi sifatida qarovchi normativ yondashuv (buni Huquqni tor ma’noda tushunish ham deyiladi); b) Huquqni u tartibga soluvchi ijtimoiy munosabatlar bilan tenglashtiruvchi sotsiologik yondashuv; v) Huquqni erkinlik va adolat mezoni bilan bog’lovchi falsafiy yondashuv (keying ikki yondashuvni Huquqni keng ma’noda tushunish ham deyiladi). Shu bilan birga huquqshunoslik fanida qadimgi hisoblangan va puxta ishlab chiqilgan Huquqning tabiiy huquq va pozitiv huquqqa bo’linish g’oyasi mavjud. Pozitiv Huquq davlat huquqiy ijodkorlik faoliyatining natijasi, mahsuli hisoblanadi. U davlat qabul qilgan normalarda, ya’ni Qonunchilikda, shuningdek, boshqa huquqiy manbalarda ifodalangan Huquqdir. Yurisprudentsiyada Huquq tizimi 2 ga ajratiladi: xususiy Huquq va ommaviy Huquq. Fuqarolik Huquqi (ashyo Huquqi, majburiyat Huquqi, savdo Huquqi, oila Huquqi, meros Huquqi, tijorat Huquqi) xususiy Huquqqa tegishlidir. Ommaviy Huquqqa esa davlat, moliya, jinoyat, prosessual va xalqaro Huquq kiritiladi. Huquq jamiyat hayotining turli sohalari — iqtisodiyot, siyosat, ijtimoiy sohaga, madaniy-ma’naviy munosabatlarga ta’sir etadi va shu tariqa iqtisodiy, siyosiy va tarbiyaviy funktsiyalarni bajaradi. Yuridik nuqtai nazardan bu funktsiyalar ni 2 turga: regulyativ (tartibga soluvchi) va negativ (qo’riqlovchi) funktsiyalarga ajratish mumkin. Huquqning regulyativ funktsiyasi jamiyat a’zolari yurish-turishi va xulq-atvorining ijobiy, barchaga maqbul qoidalarini o’rnatishdan, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy asosga qo’yishdan, insonlar o’rtasidagi ijtimoiy aloqalarni uyg’unlashtirish va barqarorlashtirishdan iborat. Huquqning negativ funktsiyasi uning ijtimoiy vazifasi bilan belgilangan huquqiy ta’sir etish yo’nalishi bo’lib, u umumiy ahamiyatga molik iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy va boshqa ijtimoiy munosabatlarni muhofaza etishga, ularning daxlsizligini ta’minlashga va shu bilan birga, jamiyatga yot, zararli munosabatlarni siqib chiqarishga qaratiladi. Huquqning bu funktsiyasiga xos xususiyatlar uni davlatning Huquqni muhofaza etish faoliyati bilan qiyoslaganda aniq namoyon bo’ladi. Tegishli davlat idoralari Huquq sohiblari tomonidan qonun talablari qat’iy bajarilishini ta’minlaydi, jamiyatda qonuniylik muhitini vujudga keltiradi. Bu ish Huquq buzilishlari faktini aniqlash, ularni tergov qilish va aybdorlarni yuridik javobgarlikka tortish bilan ta’minlanadi. Huquqning nazariy masalalarini G’arbda, jumladan, Yevropada ijtimoiy fan soha olimlari, ayniqsa huquqshunoslari teran va izchil yoritib kelmoqdalar. Mustaqillik tufayli O’zbekistonda ham bu boradagi urinishlar va sa’y-harakatlar, izlanish va tadqiqot ishlari birmuncha kuchaydi. O’zbek huquqshunoslik fani vujudga keldi. Bu fan namoyandalari milliy davlatchilik tarixini, huquq va davlat umumnazariy masalalarini o’rganish borasida milliy qadriyatlarni, ilmiy merosni zamonaviy umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg’unlashtirishga harakat qilmoqdalar. Bu sohaga milliy istiqlolni mustahkamlash ishining bir qismi sifatida qaramoqdalar. Bahodir To’rayev.