Husayn Boyqaro, Husayniy

Husayn Boyqaro, Husayniy (to’liq nomi Husayn ibn Mirzo Mansur binni Mirzo Boyqaro) (1438— Hirot — 1506) — Xuroson hukmdori (1469-1506), shoir. 15-asr o’zbek mumtoz adabiyotining namoyandalaridan. Temuriylardan Umarshayx Mirzoning evarasi. Onasi Feruzabegim temuriylardan Mironshohning nabirasi. Husayn Boyqaro, Bobur ta’riflaganidek, ikki tomonlama ulug’ (“Karim ut-tarafayn”) bo’lgan. 14 yoshda Abulqosim Bobur saroyiga xizmatga kirgan. 1454 yil Abulqosim Boburning Samarqandga — Abu Said Mirzoga qarshi yurishida qatnashgan. Abulqosim Bobur yengilgach, sulh tuzib, Hirotga qaytgan. Husayn Boyqaro esa onasining tavsiyasi bilan Abu Said Mirzo saroyida qolgan. Ko’p o’tmay, qamoqqa olingan. Feruzabegim uni qutqarib, Hirotga olib kelgan. Shoh vafot etgach, Husayn Boyqaro Marv hukmdori Sulton Sanjar xizmatiga kirgan va uning qizi Beka Sultonbegimga uylangan. Sulton Sanjar Husayn Boyqaroni o’z o’rniga qo’yib, Mashhadga yurish qilgan. Bu orada Marvda Husayn Boyqaroga qarshi fitna uyushtirilib, u ovga chiqqanda, shahar darvozalari berkitib olingan. Husayn Boyqaro 1457 yil qishni Marv bilan Xiva oralig’idagi biyobonda o’tkazgan. 1458 yilda 300 kishilik qo’shin bilan Sulton Sanjarning yaqinlaridan bobo Hasan qo’shinini yengib, Niso viloyati, so’ng Astrobodni egallagan. 1459 yilda Husayn Boyqaro huzuriga Abdurazzoq Samarqandiy elchi bo’lib kelgan. 1460 yilda vaziyat taqozosi bilan Husayn Boyqaro Astrobodni tashlab chiqishga majbur bo’lgan. Ammo 1461 yil shaharni qaytarib olgan. Shu yil yoz oxirlarida Hirotga yurish qilgan. Biroq Abu Said Mirzoga bas kelolmay, orqaga chekingan, buning ustiga, Astroboddan ham mahrum bo’lgan. Amudaryo orqali Xorazmga o’tib, Vazir shahriga — Mustafoxon huzuriga elchi yuborib, Abu Saidga qarshi birgalikda kurashishga da’vat etgan. Lekin elchi kelguncha, uning og’asi Pir Budog’bilan kelishib, Mustafoxonga qarshi yurish qilishgan, lekin Vazir shahrini ololmay, bitim tuzganlar. Husayn Boyqaro Adoqqa borib, 1461 yil oxirlarigacha o’sha yerda qolgan. Adoqda turib, Astrobod, Gurgon va Eronning boshqa tumanlariga hujumlar uyushtirgan, mag’lubiyatga uchraganida, shu yerdan panoh topgan. Mustafo zulmiga qarshi ko’tarilgan isyondan foydalanib, avval Vazirni, 1462 yilda Urganch va Xivani qo’lga kiritgan. Oradan 1 yil o’tmay, Abu Said uni Xorazmdan surib chiqargan. 1463-64 yillarda Urganch, Xiva, Hazorasp, Tirsakni qo’lga kiritgan. Shu yerda kuch to’plab, yana Xurosonga hujum qilgan. Ammo Abu Said qo’shinlari Xivani egallaydi. Husayn Boyqaro uni qaytarib oladi. 1467 yilda yana Urganchni egallaydi. Shu yili u o’zbeklar xoni Abulxayrxondan yordam so’rab, Dashti Qipchoqqa boradi. Xon yordam va’da qiladi, lekin betob bo’lib qolganligi tufayli, bu va’da amalga oshmaydi. 1469 yil martigacha Xorazm va Buxoro o’rtasida sarson-sargardon yurgan Husayn Boyqaro, Abu Said vafot etgach, Hirotni egallab, Samarqanddan do’sti Alisher Navoiynn maxsus yorliq bilan chaqirib oladi va muhrdorlik vazifasiga tayinlaydi. Navoiy do’stini taxtga chiqishi bilan qutlab, unga “Hiloliya” qasidasini taqdim etgan. 1469-70 yillar Shohrux Mirzoning avlodlaridan Yodgor Muhammad Mirzo va Abu Said Mirzoning o’g’li Sulton Mahmud Mirzo taxt da’vogarlari sifatida maydonga chiqadilar. Yodgor Mirzoning tarafdorlari, xususan, onasi Poyanda Sultonbegim Hirot ichkarisida zimdan ish olib borgan. 1470 yilning iyulida Husayn Boyqaro qo’shin bilan dushmanga qarshi jangga ketganda, poytaxtda sotqin bek va amaldorlar Yodgor Mirzo nomiga xutba o’qitganlar. Husayn Boyqaro 1 oydan so’ng Navoiyning tadbirkorligi bilan Yodgor Mirzoni qo’lga olib, taxtni qayta egallagan va umrining oxirigacha hukmdorlik qilgan. Saltanatiga Xorazm, Seyiston, Qandahor, Balx, G’aznadan Domg’ongacha bo’lgan yerlar kirgan. Yurak xastaligidan vafot etgan Husayn Boyqaro o’zi qurdirgan madrasa ichidagi maqbaraga dafn etilgan. Hozir maqbara vayron bo’lgan, qabr va uning ustiga o’rnatilgan “Sangi Haft qalam” saqlanib qolgan. Husayn Boyqaro Temuriylar orasida ancha shijoatli va ma’rifatli, shariatga qat’iy amal qilgan hukmdor bo’lgan. Husayn Boyqaro Xurosonda hokimiyatni egallagach, asosiy e’tiborni mamlakatda tinchlik, osoyishtalikni qaror toptirish, ichki hududiy nizolar, ziddiyatlarni bartaraf etish va Markaziy hokimiyatni mustahkamlashga qaratgan. U o’lkada madaniy-ma’rifiy va obodonchilik ishlarini rivojlantirishga alohida rag’bat ko’rsatgan: iqtisodiy hayot yuksalib, savdo-sotiq rivojlangan, yuzlab karvonsaroylar, rabot, ko’prik, maktab, madrasa, masjid, xonaqoh, hammom, tabobatxona, yetimxona, suv havzalari qurilgan, kanallar qazilgan, bog’lar barpo etilgan. Husayn Boyqaro davrida Hirot Sharqning fan, madaniyat, hunarmandchilik rivojlangan yirik markaziga aylangan: turli mamla- katlardan iste’dod sohiblari Hirotga panoh axtarib kelganlar. Til, adabiyot, tarix, tasviriy san’at, xattotlik, kitobat san’ati, tabobat, handasa, musiqa, qog’oz tayyorlash, tomosha san’ati va boshqa sohalar rivojlangan. Hirot, Mashhad, Marv, Nishopur singari shaharlarda ko’plab noyob obidalar barpo etilgan. Mahalliy hunarmandlar ishlab chiqargan mahsulotlar Xurosondan tashqarida ham mashhur bo’lgan. Husayn Boyqaro, Navoiy va Jomiy ko’plab iste’dodlarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo’llab-quvvatlaganlar; o’z davrining zabardast shoir, olim, muarrix, musiqachi, xattot, naqqoshlari xuddi shu zamonda etishib chiqqanlar va faol ijod qilganlar. Husayn Boyqaro turkiy tilda yozishni rag’batlantirgan va shunga da’vat qilgan. O’zi ham badiiy ijod bilan shug’ullanib, “Husayniy” taxallusi bilan she’rlar yozgan, she’riyat majlislari tashkil etib, shoirlarga rahnamolik qilgan. Undan bizgacha she’rlar devoni va Navoiyga bag’ishlangan “risola” asari yetib kelgan. “Risola” asari 1945 yilda turk olimi Ismoil Hikmat tomonidan topilib, ilmiy muomalaga kiritilgan. Shoh shoirning hozirgacha 202 g’azal, Navoiy gazaliga bog’langan 3 muxammas, 6 ruboiy, shuningdek, fors-tojikcha 2 g’azal. 1 ruboiy va bir necha baytlari ma’lum. G’azallarining barchasi ramal bahrida. Lekin ular Husayn Boyqaroning tab’i baland, didi nozik shoir bo’lganligini ko’rsatadi. Navoiy “Majolis un-nafois” tazkirasining 8-majlisini to’liq Husayn Boyqaro ijodida bag’ishlab, uning devonidagi 164 g’azalning matla’ini keltiradi va u qo’llagan badiiy timsollar, she’riy san’atlar, nozik ma’no va ohorli tashbehlar xususida fikr yuritadi. Husayn Boyqaro g’azallari tilining musiqiyligi va jarangdorligi bilan ajralib turadi. Husayn Boyqarodan 14 o’g’il, 11 qiz qolgan. Badiuzzamon Mirzo, Shohg’arib Mirzo, Muhammad Husayn, Ibrohim Husayn kabi o’g’illari badiiy ijod bilan ham shug’ullanishgan. Keyinchalik o’zaro ichki urushlar, Husayn Boyqaro va saroy amaldorlarining maishatga berilib ketishi oqibatida Xuroson davlati zaiflashgan. Uning vafotidan so’ng Hirot shayboniylar tomonidan zabt etilgan (1507). As..Devon [Risola], T., 1968; Husayn Boyqaro [risola], T., 1991; Jamolingdin ko’zum Ravshan [she’rlar), T., 1991; Devon, T., 1995. Ad. .Alisher Navoiy, Majolis un-nafois [mukammal asarlar to’plami], 13- j., T., 1998; Zahiriddin Muhammad Bobur, Boburnoma, T., 1989; O’zbek adabiyoti tarixi, 2-j., T., 1977; Ahmedov B., tarix saboqlari, T., 1994; Buyuk siymolar, allomalar, 2-kitob, T., 1996; Homidiy H., Ko’hna Sharq darg’alari, T., 1999. Begali Qosimov