Husayni

Husayni — xalq selektsiyasida yetishtirilgan o’rtapishar xo’raki uzum navi. Vatani O’rta Osiyo. Sharqiy ekologik-geografik navlar guruhiga kiradi. O’zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiyaning Stavropol o’lkasi va boshqa joylarda tarqalgan. G’ujumlarining shakliga qarab bir necha xillarga bo’linadi. Mo’rchamiyon Husayni, kelinbarmoq Husayni, qizil Husayni, lo’nda Husayni (kadu Husayni) xillari, ayniqsa ko’p tarqalgan. Tupi kuchli o’sadi. Bargi o’rtacha, to’garak, 3-5 bo’lmali. o’rtacha kertikli, usti silliq, mayin. Guli ikki jinsli. Uzumi avgust-sentabrda pishadi. Uzum boshi yirik, konussimon, sershingil, havol, og’irligi o’rtacha 300 — 350 gramm (ayrimlari 1 kilogramgacha). G’ujumi o’rtacha va yirik, tuxumsimon yoki pilindrsimon, po’sti yupqa, sarg’ish-yashil, qarsillaydi, sershira. Tarkibida 18 — 20% qand bor, nordonligi 2-3%. O’suv davri 153 kun. Hosildorligi 170-180 ts/ga. Sovuqqa va qurg’oqchilikka chidamsizroq. Yangiligida yeyiladi, mayiz solinadi. Saqlashga, uzoq joylarga yuborishga chidamli. O’zbekistonning barcha viloyatlarida rayonlashtirilgan.