IBROHIM IBN MAS’UD

IBROHIM IBN MAS’UD (? -1099) — G’aznaviylar davlati hukmdori (1059- 99). Mas’ud I (1030-41) ning o’g’li, Maxmud G’aznaviyning nabirasi. Akasi Farruxzod (1053-59) vafot etgach, taxtga o’tirgan. Farruxzod hukmronligi davrida Saljuqiylar bilan boshlangan urushni to’xtatib, o’zaro sulh tuzishga (1059) va hatto Malikshoh (1072— 92) ning qizini o’g’li Mas’ud (1099-1114) ga olib berib, ular bilan quda-anda bo’lishga muvaffaq bo’lgan. So’ng, Hindistonga qo’shin tortib, bobosi Mahmud G’aznaviy u erda zabt eta olmagan bir qancha qal’a va viloyatlarni fath qilgan, aholisini Islomga kiritgan. Ibrohim ibn Mas’ud g’oyatda taqvodor, adolatli, xalqparvar, ilmparvar hukmdor bo’lgan.