INSBRUK
INSBRUK — Avstriyaning g’arbidagi shahar. Tirol yerining ma’muriy markazi. Sharqiy Alp tog’larida. Inn daryosi (Dunay irmog’i) bo’yida, 574 metr balandlikda. Aholisi 144,2 ming kishi (2000). Italiya, Shveytsariya va GFRga boriladigan transport yo’llarining yirik tuguni. Xalqaro aeroport bor. Mayin movut, ip gazlama, shoyi to’qiladi; shisha va koshindan badiiy buyumlar ishlab chiqariladi. Metallsozlik, kimyofarmasevtika va oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Turizmning yirik markazi. Qishki sport musobaqalari o’tkazib turiladi. 9-, 12-qishki Olimpiada o’yinlari o’tkazilgan (1964, 1976). Universitet (1669 yildan), muzeylar, teatrlar, botanika bog’i bor. Tarixiy binolar va me’moriy yodgorliklaridan shahar minorasi (14-16-asrlar), Xofburg saroyi (14-18-asrlar), Xofkirxe cherkovi (1553-63) va boshqalar saqlangan. Insbruk 1234 yilda shahar huquqini olgan. 1814 yilda Avstriyaga qaytarib berilgunga qadar Insbruk turli davlatlar tarkibida bo’lib keldi. 1938 yilda fashistlar Germaniyasi bosib oldi; 1945-55 yillarda okkupatsiya qilingan Avstriyaning Frantsiya zonasida bo’ldi.