Iqlim melioratsiyasi

Iqlim melioratsiyasi, iqlimni yaxshilash — inson manfaati yo’lida mahalliy sharoitni ijobiy o’zgartirish (masalan, aholi turmush sharoitini yaxshilash, qishloq xo’jaligining ayrim tarmoqlarini rivojlantirish va hokazolar) maqsadida iqlimni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar majmui. Ma’lumki, insonning xo’jalik faoliyati natijasida iqlim salbiy jihatdan ancha o’zgarishlarga duchor bo’ladi. Masalan, o’rmonlardagi daraxtlarni jadallik bilan kesish, foydali qazilma konlarini ochiq usulda qazib olish, elektr stansiyalari (atom, issiqlik va gidro-elektr stansiyalari) qurish, sanoat majmualari barpo qilish, qo’riq yerlarni ochish, botqoqliklarni quritish, suv omborlari qurish, kosmik kemalarni uchirish, atom bombalarini sinash va boshqalar natijasida atmosfera va yer sirtining radiatsiya balansi, issiqlik balansi o’zgaradi, havo ifloslanadi, temperatura ko’tarilib, muzliklarning erishi kuchayadi. Bularning barchasi oqibatda iqlimning o’zgarishiga olib keladi. Ayniqsa, yirik shaharlarda o’ziga xos salbiy mikroiqlim vujudga keladi, chunki bu yerlarda muntazam ravishda atmosferaga chang, gaz va issiqlik ajralib turadi. Ushbu salbiy oqibatlarni ma’lum darajada bartaraf qilish va iqlimni yaxshilash maqsadida maxsus tadbirlar ishlab chiqiladi va joriy qilinadi. Masalan, daraxtzorlarni ko’paytirish, suv omborlarini me’yorlab turish, sanoat korxonalarini to’g’ri joylashtirish, ularning ish maromini yaxshilash, aholi yashaydigan mavzelarni bir me’yorda joylashtirish, aholi uchun qulay sharoit yaratib berish, qishloq joylarda sho’r yuvish va erlarni quritish ishlarini, melioratsiya va sug’orish ishlarini to’g’ri yo’lga qo’yish, zaharli o’g’itlarni me’yorida ishlatish va boshqa tadbirlar iqlimni ancha yaxshilashga xizmat qiladi. Iqlim melioratsiyasi nisbatan katta bo’lmagan hududlarda, asosan, yer yuzasi va atmosferaning erga yaqin qatlamida o’tkazilishi mumkin. Kattagina hududlar uchun Iqlim melioratsiyasi texnika vositalari yordamida atmosferaga to’g’ridan-to’g’ri ta’sir etishga yoki iqlimni hosil qiluvchi jarayonlarni vujudga keltiruvchi geografik omillarni o’zgartirishga asoslangan bo’lishi mumkin. Masalan, yer va kosmik fazo o’rtasida issiqlik almashinuvini o’zgartirish uchun atmosferaning yuqori qatlamlarini changlatish; uning umumiy dirkulyasiyasiga ta’sir etish maqsadida atom energiyasidan foydalanish; okean oqimlari maromini o’zgartirish uchun okeanda to’g’onlar qurish; qutb muzliklarini eritish va hokazolar tadbirlarni bajarish. Yerdagi mo”tadil iqlim sharoitlarini saqlash va atrof muhitda sodir bo’layotgan tabiiy jarayonlarga antropogen aralashish tufayli iqlimning yomonlashuvini cheklash choralari ko’rish maqsadga muvofiqdir (masalan, maxsus reagentlar yordamida bulutlar va tumanliklarni tarqatish, sun’iy yog’inlar yog’dirish, yashil zonalar hosil qilish va hokazolar). Iqlim melioratsiyasining asosiy vazifalaridan biri qishloq xo’jalik o’simliklarining rivojlanish sharoitlarini yaxshilashdir. Shu sababli, Iqlim melioratsiyasi ekin maydonlarini shamoldan to’suvchi daraxtzorlarni ko’paytirish, tuproq meliorasiyasi va sun’iy sug’orish, tog’ va cho’l mintaqalarida sun’iy yo’l bilan yog’in yog’dirish usullari orqali amalga oshiriladigan qishloq xo’jalik melioratsiyasining tarkibiy qismiga kiradi. Iqlim xossalaridan qishloq xo’jalik ekinlari rivojlanishiga eng noqulayi issiqlik va namlik yetishmasligi hisoblanadi. Namlik yetishmaydigan mintaqalarda yog’in ko’rinishida bulutlardan yog’adigan barcha suv quyosh nurlari issiqligi ta’sirida tez orada bug’lanib ketadi va o’simliklar kerakli namlikdan mahrum bo’ladi. Bu mintaqalarda Iqlim melioratsiyasi sun’iy sug’orish yordamida amalga oshiriladi, uning samaradorligini dalani quruq shamollardan to’suvchi daraxtzorlar yordamida ko’tarish mumkin. Ortiqcha namlikka ega va issiqlik etishmaydigan joylar va doimo quruq, namlik keskin yetishmaydigan mintaqalar orasidagi maydonlarda ayrim yillari qishloq xo’jalik ekinlariga katta ziyon yetkazuvchi qurg’oqchiliklar kuzatiladi. Bu joylarda o’simlik uchun eng xavflisi garmseldir. Bu yerlarda melioratsiya tadbirlarining asosiy maqsadi o’simliklarning tuproq qatlamidagi o’zlashtirishi mumkin bo’lgan namlik zaxirasini ko’paytirish va garmsellarning salbiy ta’sirini yumshatishdan iboratdir. Umumiy yog’inlar miqdori yetarli, qurg’oqchilik ahyon-ahyonda bo’lib turaditan joylarda bu ishlar tuproq namligi zaxirasini oshirish, dalani quruq shamollardan to’suvchi daraxtzorlarni ko’paytirish va tuproq melioratsiyasini qo’llab amalga oshiriladi. O’zbekistonda sobiq Ittifoq davrida qo’riq yerlarning ko’plab o’zlashtirilishi, sun’iy suv omborlari qurilishi, Orol dengizining quriy borishi, mineral o’g’itlardan foydalanishda me’yorning buzilishi, sanoat korxonalarining shaharlar ichida joylashtirilganligi va boshqa omillar iqlimning salbiy o’zgarishiga sabab bo’ldi. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, bu salbiy oqibatlarni bartaraf qilish tadbirlari ko’rila boshladi. Xususan, Orol dengizining to’ldirish choralarini ko’rish, uning atrofidagi ekologik vaziyatni yaxshilash, sug’orish tizimlarini tartibga solish, suv omborlaridan to’g’ri foydalanishni yo’lga qo’yish, shaharlar ichidagi sanoat korxonalarida tozalash tizimlaridan unumli foydalanish, zararli mineral o’g’itlarni me’yorida ishlatish, ihota daraxtlari ekish, o’rmonli zonalarni kengaytirish, sun’iy yomg’irlatish tizimlaridan foydalanish, budut va tumanlarni haydash usullaridan foydalanish va hokazo tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ekosan fondining tashkil qilinishi ham Iqlim melioratsiyasi tadbirlarini amalga oshirishga ijobiy ta’sir qiladi.