Ishchilar fakulteti

Ishchilar fakulteti (rabfak) — O’zbekistonda o’rta ma’lumoti bo’lmagan ishchi va dehqonlarni oliy o’quv yurtlariga kirishga tayyorlash maqsadida ochilgan umumiy ta’lim o’quv yurti. Birinchi marta 1919 yil oxirida Turkiston xalq universiteti qoshida ochilgan (100 o’quvchi bo’lgan); bu univesitet asosida Turkiston davlat unviersiteti tashkil topgach, uning huzuridagi Ishchilar fakulteti kengaydi. 1921 yil yanvarda undagi o’quvchilar soni 480 kishiga yetdi, ularning 60% mahalliy millat vakili edi. 1922 yil Fevralda Toshkentning eski shahar qismida mazkur Ishchilar fakultetining bo’limi tashkil qilindi (unda maxsus xotin-qizlar bo’limi ham bo’lgan). O’zbekistonda oliy o’quv yurtlariga kiruvchilar yetishmasligi Ishchilar fakultetini kengaytirishni taqozo etdi. 1927 — 28 yillar Samarqand, Farg’ona va boshqa joylarda Ishchilar fakulteti ochildi. 1929 yil Toshkent pedagogika instituti huzurida tashkil etilgan Ishchilar fakultetining 30 guruhi bo’lib, har bir guruhda 30 dan ortiq bola o’qigan. 2 turli Ishchilar fakulteti bo’lgan: kechki — korxonalardagi Ishchilar fakultetida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o’qilgan (ta’lim muddati 4 yil), kunduzgi — oliy o’quv yurtlari huzuridagi Ishchilar fakultetida ishlab chiqarishdan ajralgan holda O’qilgan (ta’lim muddati 3 yil). Ishchilar fakulteti, asosan, pedagogika, tibbiyot va sanoat sohalari bo’yicha mutaxassislar tayyorlagan. O’zbekistonda umumiy va o’rta maxsus ta’limning rivojlanishi bilan o’z ahamiyatini yo’qotdi va 30-yillarning oxirida tugatildi. 1969 yil ishchi va qishloq yoshlarini oliy maktabga kirishi uchun zarur sharoit yaratish maqsadida oliy o’quv yurtlarida tayyorlov bo’limlari tashkil etildi.