Ishkom

Ishkom — toklarni ko’tarib o’stirish uchun poya va bag’azlardan qurilgan arksimon so’ri. Toshkent vohasi va Farg’ona vodiysida ko’p qo’llanadi. Ishkom uchun, asosan, 2-3 yillik to’g’ri o’sgan, yo’g’onligi 8-10 santimetr, 5-6 metr uzunlikdagi qora tol novdasidan poya tayyorlanadi (poyalar po’stlog’i shilib tashlanadi). Poyalar tok qatorlarining har ikki tomoniga tupidan 0,5 metr qochirib har 1 — 1,5 metr oraliqda erga qadab chiqiladi (poyalar bilan toklar o’rtasida 50-50 santimetr oraliq qoldiriladi). Ikkala tomondagi poyalar egilib, uchlari bir-biriga chalkashtirib bog’lanadi. Ishkomning balandligi 2,5—3 metr. Yerga qadalgan poyalarga ko’ndalangiga yo’g’onligi 4-5 santimetr bo’lgan tol xodalaridan 50-70 santimetr oraliqda 4-5 qator bag’az bog’lab chiqiladi. Natijada yoysimon Ishkom hosil bo’ladi. Bunda ikkita Ishkom oralig’ida joylashgan tok novdalarining yarmi bir tomonga, ikkinchi yarmi ikkinchi tomonga taralib, bag’azlarga bog’lanadi. Ishkomga ko’tarilgan toklarni parvarish qilishda mexanizatsiyadan to’la foydalanib bo’lmaydi, har 3-4 yilda Ishkomni yangilab turishga to’g’ri keladi. Uni qurish va har yili ta’mirlash uchun ko’plab mehnat va ashyolar sarflanadi. Shuning uchun ko’proq voish deb ataluvchi takomillashgan usuldan foydalaniladi.