ISHLAB CHIQJSH OMILLARI BOZORI
ISHLAB CHIQJSH OMILLARI BOZORI – yer, mehnat, kapital kabi ishlab chiqarish omillarini sotib olish va sotishni nazarda tutadi. Yer deganda fermerlar va tadbirkorlar tomonidan ishlatiladigan faqat bevosita yerning o‘zi emas, shu bilan birga, yer ostidan qazib olinadigan yoki yer yuzasida yig’ishtirib olinadigan xomashyo, masalan, paxta tushuniladi. Mehnat barcha ishlovchilarning, shu jumladan, malakasiz ishchilar, tadbirkorlar, firmalarning boshqaruvchilari va rahbarlarining xizmatlari sifatida izohlanadi. Mehnat birjasi ushbu bozorning eng muhim vositasi hisoblanadi. Bu yerda turli xil ishchi kuchiga talab va uni taklif etish bevosita shakllanadi. Mehnat birjasi ishchi kuchining butun rezervini ham aks ettiradi. Ishsizlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, ijtimoiy ishlarni tashkil etish bilan shug‘ullanadi. Kapital tarzidagi ishlab chiqarish omili ishlab chiqarish vositalari, binolar, inshootlar, dastgohlar, uskunalar, shuningdek, ishlab chiqarish vositalarini sotib olish uchun talab qilinadigan pul mablag’laridan iboratdir. G’arbdagi ayrim iqtisodchilar ishlab chiqarish omillariga tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarishni tashkil etuvchi, qanday tovarlar yoki xizmatlarni ishlab chiqarish xususida qarorlar qabul qiluvchi va xavfni o’z zimmasiga oluvchi, yangi texnika, texnologiyani ishlab chiqarish, yangi tovarlarning innovatsiya usullarini joriy etuvchi tadbirkorlik talantini ham kiritadilar.