Ishratxona

Ishratxona — Samarqanddagi me’moriy yodgorlik. Amir Temur davrida qurilgan (1397-98) bog’i Dilkusho o’rtasidagi ko’shk binosi. Ishratxonaning me’moriy shakllari, nafis bezaklari xashamatli. Baland devor bilan o’rab olingan bog’ o’rtasidagi ko’rkam imorat — ko’shki Dilkusho (tarhi 30×22,4 metr) peshtoqining ikki qanotiga ikki oshyonli xonalar yondoshgan. Izorasi toshdan, bezaklari silliq g’ishtdan, choklari feruza va lojuvard rang koshin bilan qoplangan. Peshtoq ravog’i ichida yana bir kichik ravoq bo’lib, uning ichki devoriga izora ishlangan. Ikki yonidagi kichik eshikchalar va darvoza orqali ichkariga kirilgan. Ikki oshyon balandligidagi katta xonaqoh — miyonsaroy (tarhi 8×8 m) to’ridagi eshik orqali tashqariga chiqilgan. Janubdan 3 xonali saroyga o’tiladi. Shimoldan esa mexrobli, uzunchoq xonai xos (taxminlarga ko’ra, ko’shk masjidi)ga o’tilgan. Miyonsaroyning tashqi burchaklarida 4 aylana zina bo’lib, ular orqali yuqoridagi oshyon xona (hujra) larga va gumbaz tomga chiqilgan. Miyonsaroy ostidagi 8 qirrali yer osti “Sardoba” — tagxonasida saroy mulki va oziq- ovqat mahsulotlari saqlangan. Tagxona izorasi koshin va toshdan ishlangan. Miyonsaroy shipi juda murakkab o’zaro kesishuvchi ravoklar va burchaklardagi qalqonsimon bag’allardan tashkil topgan. Izorasi koshinkori naqsh, uning tepasi oppoq ganch ustiga ishlangan rang-barang naqshinkor gullar chama’nzoriga aylangan. Ular orasida bir oz bo’rtib turgan kundal gullari xonani yanada jilvador etgan. Miyonsaroy usti tashqi tomondan ikkinchi gumbaz bilan qoplangan. Bu gumbaz baland davra chambarakka urnatilgani uchun ham qaddi raso va mahobatli. Chambarak yuzasi girihli koshinkor naqshlar bilan bezatilgan. Gumbaz butunlay Feruza g’ishtlar bilan qoplangan. Shuning uchun ham ko’shk keyinroq “ko’k gumbaz” nomi bilan atalgan. Ishratxonadagi islimiy va girih naqshlar, zarhal kundal bezaklar milliy me’morlik xazinasidagi noyob durdonalardan hisoblanadi. Hozir ham Ishratxonaning qoldiqlari garchi ancha qismini yo’qotgan bo’lsada, ko’rkam va jozibali ko’rinadi. Uning baland gumbazi 1903 yildagi kuchli zilzila vaqtida qulab tushgan. Lekin gumbaz tuzilishini 1872 yilda olingan suratdan aniqlab olish mumkin. Ishratxona binosi Amir Temur Samarqand atrofida alohida ixlos bilan, shaxsan o’zi nazoratida qurilgan bog’ ko’shklari ichida eng mashhuri va eng muxtashami sifatida, ayniqsa saqlanib qolgan yagona namuna sifatida O’zbekiston me’morligi tarixida alohida o’rin tutadi. Ad.: Zohidov P. Sh., Me’mor olami, T., 1996.