Ishsizlik nafaqasi

Ishsizlik nafaqasi – O’zbekiston Respublikasida ishidan, ishidagi daromadidan mahrum bo’lib qolgan fuqarolarga qonunda ko’zda tutilgan tartibda va miqdorda, davriy ravishda beriladigan pullik yordam; ishsiz shaxslarga moddiy kafolatlarning asosiy turi. 16 yoshdan boshlab to pensiya bilan ta’minlanish huquqiga ega bo’lgan yoshdagi; ishga va ish haqiga (mehnat daromadiga) ega bo’lmagan; ish qidiruvchi shaxs sifatida mahalliy mehnat organida ro’yxatga olingan; mehnat qilishga, kasbga tayyorlash va qayta tayyorlashdan o’tishga, malakasini oshirishga tayyor turgan, mehnatga qobiliyatli shaxslar ishsiz deb e’tirof etiladi. (O’zbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan ta’minlash to’g’risida” yangi tahrirdagi qonuni; 1998 yil 1 may). Ishsizlik nafaqasi ishsiz deb e’tirof etilgan shaxsga u ish qidirayotgan shaxs sifatida mahalliy mehnat organida ro’yxatdan o’tgan kundan e’tiboran tayinlanadi. Qaramog’ida 3 nafargacha kishi bo’lgan, 35 yoshga to’lmagan ishsiz erkaklarga Ishsizlik nafaqasi haq to’lanadigan jamoat ishlarida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda ishtirok etgan taqdirda tayinlanadi. Ishsiz shaxsning Ishsizlik nafaqasi olish huquqi u ish qidirayotgan shaxs sifatida ro’yxatdan o’tgan paytdan boshlab kechi bilan 1-kundan e’tiboran kuchga kiradi. Ishsizlik nafaqasiga oid amaldagi qonun-qoidalar O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 60-66-moddalarida hamda yuqoridagi qonunda belgilab berilgan.