JABBOROV KOMILJON

JABBOROV KOMILJON (1914, Andijon — 1975.4.9, Toshkent) — sozanda (gijjak, dutor, tanbur), bastakor. O’zbekiston xalq artisti (1973). Sozandalikni R. Isaboyev, S. Siddiqovdan, bastakorlikni T. Jalilovdan o’rgangan. Andijon milliy musiqa to’garagida qatnashgan (1924-30). Hamza nomidagi Toshkent (1930-31), Andijon (1931— 42) va Yangiyo’l (1942-47) teatrlarida, O’zbekiston radiosi o’zbek xalq cholg’u asboblari orkestri (1947-75) da sozanda. “Dugohi Husayniy”, “Iroq”, “Navo” va boshqa kuylarni g’ijjakda, “nolish”, “Nimcho’poniy”, “kurd” va boshqa asarlarni dutorda, “Samarqand ushshog’i”, “Gulyor” va “Shahnoz”dek ashula yo’llarini tanburda katta mahorat bilan ijro etgan. “Gulsara” (K. Yashin, 1936), “Layli va Majnun” (Xurshid, N. Salaxov bilan birgalikda, 1938) spektakllarini musiqalashtirishda qatnashgan hamda “G’ulja ustida nur” (S. Tilla, A. Ismatulla, 1950, P. Rahimov bilan hamkorlikda), “Nodira” (H. Razzoqov, 1962, S. Hayitboeyv bilan), “mening Jannatim” (S. Abdulla, 1971, D. Zokirov bilan) musiqali dramalarini yaratgan. 100 dan ortiq — “Diyorimsan”, “nazzora qil”, “mubtalo bo’ldim senga”, “Ey, pari”, “Senga”, “Toshkent piyolasi”, “shifokorlar”, “Obod o’lkam” kabi ashula, qo’shiq va qator cholg’u kuylar muallifi. Bularning so’nggi uchtasi ko’p yillar davomida o’zteleradiosining turkum dasturlarining boshlangich sadolari edi. Umrining oxirida “Cho’lponoyning allasi”, “Chorgoh”, “Mash’al”, “Zebunniso” singari tele- postanovkalarning musiqasini yaratgan. Jabborov ijodiy uslubi tez yodda qoluvchi jozibali ohanglarga boyligi, an’anaviy peshrav, ashula va qo’shiq shakllarining erkin uyg’unlashishiga asoslangan. Ad.: G’ofurbekova X., Bastakor Komiljon Jabborov [musiqa ijodiyoti masalalari], T., 1997.