JAHON SAVDO TASHKILOTI
JAHON SAVDO TASHKILOTI (JST) — jahon mamlakatlarining o’zaro savdo hamda savdo siyosati rejimini boshqaruvchi xalqaro tashkilot. Xalqaro savdoda tashkilotga a‘zo va ishtirokchi mamlakatlar uchun majburiy bo’lgan tamoyillar va qoidalar belgilangan hukumatlararo ko’p tomonlama shartnomalar asosida faoliyat olib boradi. 1995-yilda tashkil qilingan. BMT tizimiga kiradi. Idorasi Shveytsariya (Jeneva)da joylashgan. JST jahon savdosi qoidalarini ishlab chiqish yo’li bilan davlatlar savdo siyosatiga ta‘sir ko’rsatish, savdo munosabatlarini erkinlashtiradigan va qatiy tartibqoidaga soladigan muzokaralar uchun yig’ilishlar o’tkazish, davlatlararo savdoda yuzaga keladigan nizolarni hal qilish va boshqa vazifalarni bajaradi. JSTning oliy organi – barcha a‘zo mamlakatlar Vazirlar Konferensiyasi bo’lib, kamida ikki yilda bir marta o’tkaziladi. Joriy ishlarga Bosh kengash (tovarlar savdosi bo’yicha kengash, xizmatlar savdosi bo’yicha kengash, intellektual mulk masalalari bo’yicha kengash), sekretariat, doimiy qo’mitalar rahbarlik qiladi. JST faoliyati a‘zo mamlakatlarning o’zaro manfaatlarini turli tadbirlar (asosan boj imtiyozlari, to’siqlari va boshqalar)ni qo’llash bilan himoya qilishga qaratilgan. A‘zo mamlakatlar JST talablarini bajarish bilan birga tashkilotning boshqa a‘zolariga savdoda mumkin qadar qulaylik berish rejimini (birinchi navbatda boj tariflarini pasaytirish) qo’llaydi, o’z ichki bozorini chet el korporatsiyalari uchun ochiq qilish majburiyatini oladi. 160 mamlakat to’la huquqli a‘zo shundan 156 tasi xalqaro miqyosda tan olingan mamlakatlar, Tayvan, ikki qaram hududlar va Yevropa Ittifoqi kiradi. 24 ta davlat hukumatlari kuzatuvchi maqomiga ega. (O’zbekiston ham).