Jalolquduq tumani

Jalolquduq tumani – Andijon viloyati tumani. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan (1962 yil 24 dekabrda Xo’jaobod tumani bilan birlashtirilgan. 1973 yil 12 aprelda qayta tuzildi). Tuman viloyatining Qo’rg’ontepa, Xo’jaobod, Andijon tumanlari hamda qo’shni Qirg’iziston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 0,37 ming km2. Aholisi 132,6 ming kishi (2000). Jalolquduq tumanida 1 shahar (Oxunboboyev), 1 shaharcha (Janubiy Olamushuk), 8 qishloq fuqarolari yig’ini (Abdullabiy, Beshtol, Yorqishloq, Jalolquduq, Kolxozqishloq, Oyim, Teshiktosh, Qatortol) bor. Markazi — Oxunboboev shahri. Jalolquduq va unga yondosh qishloqlar o’ramida yog’ingarchilik ko’proq bo’lganligidan u yerlar ilgari qamishzor, to’qayzor bulgan. Tuman nomi “jela” yoki “jelak” so’zidan kelib chiqqan degan rivoyatlar bor: utmishda mahalliy aholi zovur, buloq va quduqlarga jela tashlab baliq ovlagan ekan. Jela qo’yiladigan quduqlar asta-sekin “jelaquduq” deb ataladigan bo’lganmish. Keyinchalik bu nom talaffuzda o’zgarib “Jalaquduq”, “Jalolquduq” shaklida qishloq, so’ngra tumanga nom bo’lib qolgan deyiladi. Tabiati. Jalolquduq tumani viloyatining shimoli- sharqida joylashgan. Relefi pasttekislik, qir va adirlardan iborat. Iqlimi keskin kontinental. Iyulning o’rtacha temperaturasi 27°, yanvarniki -3°. Vegetatsiya davri 160—180 kun. Yiliga o’rtacha 250 mm yog’in yog’adi. Tuman hududidan Andijonsoy (3,5 km), Shahrixonsoy, Savay kanallari, Qoradaryo oqib o’tadi. Tuman yerlari och tusli o’tloqi bo’z tuproqdan iborat. Adirlarda efemer o’simliklar, ekin ekilmaydigan yerlarda shuvoq, sho’ra o’sadi. Aholisi , asosan o’zbeklar. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 358 kishi. Qishloq aholisi 80% ni, shaharliklar 20% ni tashkil qiladi. Jalolquduq tumani hududida 11 arxeologik tepalik, 5 me’moriy yodgorlik saqlanib qolgan. Dalvarzintepa, Qoratepa, Eshontog’a va Qilichmozor tepaliklari eng qadimgi arxeologik yodgorliklar, Toshmasjid esa milliy me’morlik namunasidir. Farg’onaliklar 8-asr boshida Farg’ona vodiysiga bostirib kelgan Qutayba ibn Muslim boshchiligidagi Arab qo’shinlariga qattiq qarshilik ko’rsatganlar. Qutayba yangi saylangan xalifa Sulaymonga bo’ysunishdan bosh tortganligi uchun xos askarlari tomonidan 715 yilda hozirgi Jalolquduq tumani hududida o’ldirilgan. Tarixchi Narshaxiyning yozishicha, Qutaybaning qabri Koh qishlog’ida. Bu qishloq yonidagi qabriston “Raboti sarhang” (hozirgi “Mozorbuva”) deb ataladi. Xo’jaligi. Jalolquduq tumanida So’fiqishloq paxta zavodi, oyimda “Bunyod” momiq ishlab chiqarish korxonasi, davlat podshipnik zavodi, parrandachilik fabrikasi, Oxunboboyev Makka saralash korxonasi, Yorqishloqda ip yigiruv-to’quv kombinati, Gurunchmozor neft bazasi, mexanizatsiyalashgan ko’chma kolonna faoliyat ko’rsatmoqda. “As-Oyimtekstil”, “Topas”, O’zbekiston-Turkiya, O’zbekiston- Rossiya qo’shma korxonalari tashkil etilgan (1999). 200 dan ziyod kichik korxona va firma mavjud. Tuman qishloq xo’jalik asosan paxtachilikka ixtisoslashgan. G’allachilik, bog’dorchilik, sabzavotchilik, chorvachilik bilan ham shug’ullaniladi. Qishloq xo’jaligida foydalaniladigan yer mayd. 25,1 ming gektar. Paxta, g’alla ekinlari, sabzavot-poliz ekinlari yetishtiriladi. Pilla yetishtirish yo’lga qo’yilgan. Qishloq xo’jaligida korporatsiya, dehqon-fermer xo’jaligi uyushmalari, shirkatlar tashkil qilingan. Chorvachilik fermalari xususiylashtirilgan. Qishloq xo’jaligidagi yalpi mahsulotning 99% mulkchilikning nodavlat sektoriga to’g’ri keladi. Dehqon-fermer xo’jaliklari va xususiylashtirilgan shaxsiy fermalarda 5,3 ming qoramol, 6,7 ming qo’y-echki, 391 yilqi, 70 mingga yaqin parranda boqiladi. Tuman hududidan qariyb 25 kilometr temir yo’l o’tgan. Andijon—Xonobod temir yo’l elektrlashtirilgan. 30 ga yaqin umumiy ta’lim maktabida 28 mingdan ziyod o’quvchi bilim olmoqda. 2 litsey, tillar litsey-internati, 3 gimnaziya, 3 musiqa maktabi, 800 o’rinli 6 kasalxona, Janubiy Olamushukda fizioterapiya sanatoriysi, “Pillakor”, “Andijon” dam olish uylari, Yorqishloqda “Neftchi” davolash sanatoriysi, 34 jamoat kutubxonasi, 14 klub, Oxunboboev sh.da o’lkashunoslik muzeyi, madaniyat va istirohat bog’i bor. 1931 yildan “Uchqun”, so’ngra “olg’a” tuman gazeta nashr etilgan. 1999 yildan “Jalolquduq hayoti” tuman gazeta chop etilmoqda (adadi 3000).