Jiltirbos

Jiltirbos — Orol dengizining Janub qirg’og’idagi botqoqlashgan ko’l. Qoraqalpog’iston Respublikasi hududida joylashgan. 1960-yillar boshigacha Orol dengizining qo’ltig’i bo’lgan. 60— 70-yillarda dengizning qurib borishi tufayli quruqlikka aylandi. Lekin Amudaryoning o’ng tarmog’i va ikkita tashlama orqali zovur suvining kelib turishi natijasida qurigan qo’ltiq o’rnida ko’l vujudga keldi (2000). Daryo va tashlamalardan ko’lga quyilayotgan suv hajmi yillar davomida keskin farq qilgani uchun ko’l sathi turg’un emas. Suvning minerallashuv darajasi har litrda 10-15 gramm. O’rtacha chuqurligi 1-3 metr, uzunligi 45 kilometr, eni Janubda 10 kilometr, shimolda 6 kilometr (1997). Mutlaq balandligi 53-42 metr, Janubdan shimolga cho’zilgan. Suvda qo’g’a, qamish va boshqa suv o’simliklari mavjud, qirg’oqlari ham qamishzor. To’qayzorda qobon, suvli joylarda birqozon, Baliqchi qush, o’rdak va boshqalar yashaydi. Jiltirbos baliqchilikda (laqqa baliq, zog’ora baliq, ilonbosh va boshqalar) va ovchilikda foydalaniladi.