Jinoyat Protsessual Kodeksi

Jinoyat Protsessual Kodeksi (JPK) — jinoyat ishi yuzasidan tergov qilish va ishni sudda ko’rish tartibini belgilaydigan qonunlarning muayyan tizimga solingan majmui. JPK surishtiruv, dastlabki tergov organlari, prokuror va sudning jinoyat ishini qo’zg’atishdan boshlab, sudda ko’rilib hal qilingungacha bo’lgan faoliyatini, tergov, sud harakatlarini o’tkazish, dalil yig’ish, prosessual muxlatlar, jinoyat ishini qo’zg’atish, rad etish, uni tugatish va to’xtatish, aybdorni sudga berishni, shuningdek, ishni apellyatsiya, kassatsiya, nazorat tartibida va yangi ochilgan holatlar bo’yicha qaytadan ko’rishni hamda hukm ijrosiga oid masalalarni tartibga soladi. O’zbekiston Respublikasi JPK 1994 yil 22 sentabrda qabul qilingan. Unda jinoyat ishini tekshirishda fuqarolarning, jamoatchilik, korxona, muassasa va tashkilot vakillarining qatnashuvi va prosessual huquqlari ham bayon qilingan. JPK normalari jinoyatni tez va to’la ochish, haqiqatni aniqlash, aybdorni odilona jazolash uchun xizmat qiladi. Kodeksning oxirgi boblari alohida tartibda yurgiziladigan, jumladan voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi va tibbiy yo’sindagi majburlov choralarini qo’llash to’g’risidagi ishlarga bag’ishlangan.