Jinsiy tanlanish
Jinsiy tanlanish — bir qancha hayvonlarda tabiiy tanlanish shakllaridan biri. Jinsiy tanlanish bir xil (odatda, erkak) jinsga mansub individlarning (Masalan, erkaklar o’rtasida sodir bo’lib turadigan) boshqa jins bilan qo’shilish imkoniga ega bo’lishdagi o’zaro munosabatlardan iborat. Ikkilamchi jinsiy belgilari (Masalan, pati, rangi, yirtqich tishlari va shoxlari) kuchli rivojlangan erkak hayvonlar boshqalariga nisbatan qarama-qarshi jinsni ko’proq jalb qiladi, binobarin ko’proq ko’payish imkoniyatiga ega bo’ladi. Jinsiy tanlanish tushunchasini ilk bor Ch. Darvin taklif etgan. Jinsiy tanlanish orqali tur uchun mutlaqo foydasiz, hatto zararli belgilar (Masalan, bug’ular erkagining yirik shoxi, ba’zi nari qushlarda juda uzun dum) ning paydo bo’lishini tushuntirib beradi. Jinsiy tanlanish yashash, ya’ni hayot uchun zarur sharoit (oziq-ovqat, joy va boshqalar)ga ega bo’lish uchun kurashdan iborat bo’lmaydi. Jinsiy tanlanishda mag’lub individ yashab qoladi, hatto g’olibdan ham uzoqroq umr ko’rishi, kelgusi mavsumda g’olib bo’lishi ham mumkin. Ko’pchilik hayvonlar va barcha o’simliklarda Jinsiy tanlanish bo’lmaydi. Jinsiy tanlanish Filogenetik rivojlanish omili sifatida eng yuksak rivojlangan hayvonlar, asosan qushlar va sut emizuvchilarda namoyon bo’ladi.