XIV asrning o’rtalariga kelib Movarounnahrda mo’g’ullar hukmronligi zaiflashib, feodal tarqoqlik kuchayib, har bir viloyat alohida mayda bo’laklarga bo’linib ketib, toju tax tuchun o’zaro nizolar yanada kuchayadi. Samarqandda amir Bayon sulduz, Keshda amir Hoji Barlos, Xo’jand va Jizzaxda amir Boyazid jaloir, Shibirg’onda Muhammad Xoja Aperdi nayman, Ko’histonda Badaxshon shohi amir Sotilmish, Balxda Uljoy Bug’a sulduz, Xuttalonda Kayxusrav, Hisori Shodmon hududida amir Husayn va amir Xizr Yasovuriylar o’zlarini hokimi mutlaq deb e’lon qiladilar. Ular o’rtasida nizo tobora kuchayib boradi. Mana shunday ichki ziddiyatlar va mo’g’ullar zulmiga qarshi xalq harakati kuchaygan bir davrda jahonda kuchli impeniya vujudga keltirgan, tarix maydonida mo’g’ul bosqinchilariga qarshi kurashda nom chiqargan mashhur sarkarda Sohibqiron Amir Temur siyosat maydoniga kirib keldi.
Amir Temur Shahrisabz yaqinidagi Xo’jailg’or qishlog’ida Barlos urug’ining oqsoqollaridan hamda Chig’atoy ulusining e’tiborli beklaridan amir Muhammad Tarag’ay oilasida 1336 yil 9 aprelda dunyoga keladi. Amir Temurning amakisi Xoji Barlos Kesh shahrining hokimi edi.
1360-1361 yillarda Tug’luq Temur Movarounnahr yerlariga bostirib kirganida Movarounnahr amirlari xalqqa bosh bo’lib, bosqinchilarga qarshi harakatga jur’at eta olmaydilar, bir qismi dushman tarafga o’tib ketadilar. Jizzax yana bo’ysundiriladi. Hoji Barlos Xurosonga qochadi. Yosh Temur amakisi hukmronlik qilgan hukmronlik qilgan yerlarni dushmanga bermaslik maqsadida Tug’luq Temur xizmatiga o’tib, tez orada uning ishonchini oqlab, Kesh viloyati yerlariga dorug’a (hokim) etib tayinlanadi va o’z viloyatini talon-taroj qilinishidan saqlab qoladi.
Amir Temurning bu qadami Movarounnahrda siyosiy tarqoqlik, o’zaro kurashlar, boshboshdoqlik hukm surgan davrdagi birdan bir to’g’ri yo’l edi.
Tug’luq Temur Movarounnahr yerlarini boshqarishni qobiliyatsiz, tajribasiz o’g’li Ilyosxo’jaga topshirgach, Amir Temurning Ilyosxo’ja bilan murosasi kelishmay qoladi va mamlakatni tark etadi. Amir Temur Balxda hokimlik qilib turgan Amir Qazag’onning nabirasi Amir Husayn bilan mo’g’ullarga qarshi kurashish maqsadida birlashadi.
Amir Temur bilan Amir Husayn avval Movarounanrlik isyonkor amirlarga qarshi ichki, so’ngra esa mo’g’ullarga qarshi kurash olib boradilar. 1363 yili Amudaryoning chap sohilidagi Qunduz shahri yaqinida Amir Temur va Amir Husayn umumiy dushman Ilyosxo’ja boshliq mo’g’ul qo’shinlari ustidan g’alaba qozonib, 1364 yili ularni mamlakatdan butunlay quvib chiqarishga muvaqqat bo’ladilar.
Movarounnahrni qo’ldan chiqarishni istamagan Ilyosxo’ja 1365 yilning bahorida Movarounnahrga qarshi yana qo’shin tortadi. Ikki o’rtadagi jang o’sha yili 22 may kuni Toshkent va Chinoz oralig’ida sodir bo’ladi. Tarixda bu jang “Loy jangi” nomi bilan shuhrat topadi. Chunki o’sha kuni kuchli jala quyib, jang maydoni botqoqlikka aylangan, hatto otlar loyga botib qolgan edi. Jangda amir Husayn xiyonati oqibatida mag’lubiyatga uchraydilar va Amudaryo bo’ylariga chekinadilar.
Ilyosxo’ja hech qanday qarshilikka uchramay, Xo’jand va Jizzax shaharlarini egallaydi. Biroq u Samarqand shahrida qattiq qarshilikka duch keladi. Uzoq davom etgan mo’g’ullarga qarshi ko’tarilgan bu xalq harakati tarixda “Sarbadorlar” harakati nomi bilan shuhrat topadi. Samarqand shahri mudofaachilariga Mavlonozoda Samarqandiy, paxta tituvchilar mahallasining oqsoqoli Abu Bakr Kalaviy Naddof va mohir mergan Xurdak Buxoriylar boshchilik qiladilar. Ilyosxo’ja Movarounnahrdan chiqish ketishga majbur bo’ladi.
Sarbadorlar boshliq Samarqandliklarning mo’g’ul xoni Ilyosxo’ja ustidan qozonilgan g’alabasi to’g’risidagi xabar Amir Temur bilan Amir Husaynga ham borib yetadi. Amir Temur va Amir Husayn 1366 yilning bahorida Samarqandga yo’l olib, shahar yaqinidagi Konigil mavzeiga kelib tushadilar va Sarbadorlarning boshliqlari bilan o’zaro muzokara olib boradilar. Uchrashuvning birinchi kunida beklar va ularning sharafiga ziyofat berilib, ularning sha’niga hamdu-sanolar aytilsa-da, ikkinchi kuni Amir Husaynning buyrug’i bilan Sarbadorlar harakati rahbarlarining qo’l-oyoqlariga kishan solinib, Abu Bakr Kuliy (Kalaviy) bilan Xurdak Buxoriylar dorga osiladi. Mavlonozoda Samarqandiyni esa Amir Temur o’rtaga tushib qutqaib qoladi. Movarounnahrda Amir Husaynning hukmronligi o’rnatiladi. Biroq, ko’p o’tmay Amir Temur bilan Amir Husayn o’rtasida munosabat yana keskinlashib, ochiqdan ochiq nizoga aylanadi. Amir Temurning nufuzi oshib borishidan xavfsiragan amir Husayn Balxda qal’a devorlarini mustahkamlashga kirishib, Amir Temurga qarshi kurashish maqsadida Qunduz va Badaxshondan ko’p sonli qo’shin to’playdi. Amir Temur 1370 yilning bahorida Amir Husaynga qarshi Balxga tomon yo’lga chiqadi. Amir Temur bilan amir Husayn o’rtasida 1370 yilning 10 aprelida bo’lib o’tgan jangda amir Husayn yengiladi. Amir Husayn asir olinib, qatl etiladi. 11 aprelida Chig’atoy ulusi amirlari, viloyat va tumanlarning dorug’alari, Termizning sayyidlari, Amir Temurning piri Mir Sayyid Baraka ishtirokida o’tkazilgan qurultoyda Amir Temurning hukmronligi tan olinib, u Movarounnahrning Amiri deb e’lon qilinadi. Samarqand poytaxt etib belgilanadi. Jizzax Amir Temur tasarrufida bo’lib, uning tomonidan tayinlangan hokim (dorug’a) tomonidan boshqarilar edi.
Mo’g’uliston xonlari Farg’ona, O’tror, Yassi (Turkiston), Sayram, Toshkent shaharlariga tez-tez hujum qilib, aholining mol-mulkini talon-taroj qiladi. Ana shuning uchun ham Amir Temur mamlakat sarhadlarining xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor berdi. U 1370 yilning kuzi va 1371 yilning bahorida Zinda Chashmga zarba berib, Shiburg’on viloyatini bo’ysundiradi. Balx va Toshkent viloyatlari ham Temur hukmronligini tan oladi.
Mo’g’uliston hukmdori Qamariddin 1370-1371 yillari Toshkent va Andijon ustiga yurish qilib, shaharlarni talaydi. Hatto 1376 yili Farg’oina vodiysining anchagina qismini bosib oladi. Bu xavf-xatarni bartaraf qilish uchun Sohibqiron Amir Temur mo’g’ul hukmdori Anqatura va Qamariddin ustidan g’alaba qozonib mo’g’ullar tomonidan bo’ladigan tazyiqqa chek qo’yadi. Xorazmni bo’ysundiradi.
Sohibqiron Amir Temur Vatan mustaqilligi uchun butun iste’dodi, aql-zakovatini bag’ishlashi tufayli ko’hna Turon zaminida markazlashgan davlatga asos solindi. To’xtamishxon hukmron bo’lgan Oltin O’rdani, Turk sultoni Boyazidni mag’lubiyatga uchratdi. Yevropa va Rossiya hududlariga xaloskorlik yurishlari qildi. Hindistonning o’rta qismidan tortib Volgagacha, Badaxshondan Misr va Turkiyaning katta qismigacha bo’lgan ulkan hududda yirik imperiyani tashkil etdi.
Amir Temur buyuk davlat arbobi, markazlashgan davlat asoschisi, iste’dodi sarkarda, ilm-fan, madaniyat, obodonchilikning homiysi ekanligiga bag’ishlangan asarlar Amerikada ham, Fransiya va Anglliyada ham ko’plab chop etilgan. Mustaqillik sharofati bilan Sohibqironga bag’ishlangan asarlar mamlakatimizda chop etilmoqda. Akademik B.Ahmedovning “Amir Temur” tarixiy romani, Ye.Berezikovning “Buyuk Temur” romani, Xurshid Davronning “Sohibqiron nabirasi” qissasi, Turg’un Fayziyevning “Temuriylar shajarasi” asari, ko’plab badiiy asarlar va she’rlarda Sohibqiron hayoti va faoliyati har tomonlama qalamga olingan.
Sohibqironning qutlug’ siymosi uning tavalludining 660 yilli munosabati bilan nashr etilgan “Ta’zim” maqolalar to’plamida Jizzax viloyati faollari va olimlarining maqolalarida uning hayoti va faoliyati o’rinli bayon qilingan. To’plamga kiritilgan professor O’.Nosirovning maqolasida Amir Temurning Jizzax viloyati va Jizzax shahri bilan bog’liq faoliyati har tomonlama bayon qilingan. U Amir Temurning Jizzax viloyati va Jizzax shahri bilan bog’liq bitiklar ko’pligini yozadi. Amir Temurning bir necha bor Dashti Qipchoq, Mo’g’uliston va Xitoy sari qilgan yurishlari Jizzax hududi orqali o’tganligi ma’lum. Sohibqiron Amir Temur Jizzaxga ko’p marta qo’nib o’tib va yana shuncha qaytishda tushib o’tib hordiq chiqarganligi tarixiy manbalarda bayon qilingan.
Amir Temur Oltin O’rda xoni To’xtamishxon tomonidan bo’layotgan tazyiqqa zarba berish maqsadida Jizzax orqali dastavval 1389 yilda Jizzaxning Achchi mavzesida, 1391 yilda Qunduzcha, 1395 yilda Terek bo’yidagi janglarda To’xtamishxonga qattiq zarba beradi. Amir Temurning To’xtamish ustidan qozongan g’alabasi nafaqat birgina O’rta Osiyo uchun, balki butun Sharqiy Yevropa, tarqoq Rus knyazliklarini birlashtirish uchun ham buyuk ahamiyat kasb etgan edi. Turk sultoni Boyazid ustidan Anqarada qozonilgan g’alaba esa endigina uyg’onayotgan Yevropaga ulkan xavf solib turgan Usmonli turklar ustidan qozonilgan g’alaba bo’lib, butun Yevropaning xaloskoriga aylangan edi.
Hozirgi Jizzax, G’allaorol, Baxmal tumanlari ko’hna Turon zamin go’shalaridan hisoblanadi. Ana shu tumanlar zaminida Sohibqiron Amir Temur hayotiga bog’liq qadamjolar juda ko’p. Amir Temur shaxsini ulug’lovchi rivoyatlar, afsonalar tildan tilga ko’chib kelmoqda. Bugungi kunda Jizzaxning mahalliy tarixchilari, adabiyotshunoslari, jurnalistlari, arxeologlari tomonidan turli izlanishlarni davom ettirib, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Keksa avlod vakillarining hikoya qilishchlaricha, hozirgi G’allaorol tumani hududiga Ko’kgumbaz qal’asi yonidagi har tomonlama qulay bo’lgan hudud Amir Temur Sharqqa qilgan yurishlari oldidan muntazam ravishda askarlar mashqini o’tkazadigan maydon bo’lgan. Buyuk sarkarda Ko’kgumbaz chortog’idan turib, askarlar mashqini kuzatgan, ularning harbiy mahoratlariga baho bergan, ko’pkari o’tkazib, chavandoz askarlariga sovg’a-salom ulashgan. Sarbozor qishlog’i, ilgarigi “Oltin boshoq” davlat xo’jaligidagi Qorovultepa suv omboriga tutash xushmanzara joyda Bibixonimning ko’nalg’ogohlari barpo qilingan. 1364 yili Amir Temur va Amir Husayn mo’g’ul lashkarlarini Qashqa vohasi, Samarqand, Jizzax va Toshkentda mag’lubiyatga uchratib, Movarounnarhni va Toshkentni ozod qiladi.
Akademik B.Ahmedovning “Amir Temur” nomli tarixiy romanida ham Amir Temur qo’shini bilan Zomin atrofiga kelib to’xtaganligi, Amir Husayn bilan kelishuvga muvofiq ov qilish niyatida jirg’a tuzishgani hikoya qilinadi. Maxsus ajratilgan kishilar soy va daralarda yovvoyi hayvonlarni belgilangan manzilga haydashadi. Ov Oqar mavzesida bo’lib o’tadi. Amir Temur Zomindan, Amir Husayn Jizzaxdan aylanib, ovni Oqarda o’tkazar ekanlar. Bu mavze ko’proq Molguzar tog’i bag’riga to’g’ri keladi. Go’zal tabiat, jilg’alar, buloqlar, turli hayvonlar mo’l-ko’lligidan ma’lum muddatni aysh-ishrat, xursandchilikda o’tkazib, ular Samarqand tomon yo’nalishadi.
Akademik B.Ahmedovning “Amir Temur” tarixiy romanida bayon qilinishicha, 135 yil bahor oylarida yana Amir Temur Jizzax va Zomin tumanlari tog’ oldi maskanlarida bo’lgan. Bunga jeta (mo’g’ul) lashkarlarining yana Toshkentdan o’tib, may oyining boshida Amir Temur Amir Sofi Bug’on, Amir Temur Xo’ja, Amir Joku, Amir Murod, Abbos-Bahodir hamda Amir Husayn tomonidan yuborilgan Po’lod Bug’a, Zinda Chashm, Malik Bahodirlar boshliq qo’shinlar bilan Toshkent tomon yo’lga chiqadi. Oqar mavzesiga yetganlaridan keyin, ot-ulovni dam oldirib, bir necha kun maysazorda bo’ldilar. Amir Temur 17 qismdan iborat qo’shinlariga Oqar mavzesi hududidagi Ko’rpasoy, Uvobsoy, Ravot, Pishog’or, Achchi qishloqlaridagi o’tloq, maysazorlarda dam olishga imkoniyat yaratib beradi.
Amir Temur Jeta (mug’ul) qo’shinlariga qarshi Toshkent sari yurganda katta qo’shin bilan 1369 yilda hozirgi Baxmal tumanining Qoraqishloq qo’rg’onida qishlagani sohibqironning old qo’shinlari Sangzor qishlog’ida, ort qismi esa O’smat, Novqa, Mo’g’ul qishloqlarida qishlashgani, biroq mo’g’ul lashkarboshilari o’rtasida yuz bergan kelishmovchiliklar tufayli, ular Mo’g’ulistonga qaytib ketishgani tufayli yurish to’xtatilgani haqida ma’lumotlar yozib qoldirilgan.
Sohibqiron Amir Temur bobomizning Jizzax vohasi, uning xalqiga nisbatan mehri, ayniqsa, baland edi. Ana shu tufayli 1404 yilning avgust oxirlarida amir Shohalik, nabiralari Mirzo Ulug’bek va Ibrohim Sultonlar, sipohlar va lochinlar bilan birgalikda Jizzaxning go’zal va sokin maskanlariga kelib bir necha kun ov qilib, hordiq chiqargani bizga ma’lum. Aytishlaricha, Mirzo Ulug’bekning kiyikka hamda qilgan yo’lbarsni otib o’ldirgani haqidagi rivoyat ham xuddi ana shu ovda yuzaga kelgan edi.
Amir Temur Toshkentga borishda ham, qaytishda ham qo’shinlarga Zominning bahavo qirlarida dam bergani haqida ko’pgina ma’lumotlar bor. Hozrigi paytda ham Ittifoq qishlog’ining etagidagi kattagina haybatli tepani kishilar “Qo’shintepa” deb atashadi. Kishilar Amir Temurning lashkarlari olis janglar oldidan qaytayotib ham o’sha tepada makon tutganligi haqida xalq orasida haligacha hikoyatlar saqlanib qolgan. Tildan tilga o’tib borgan rivoyatlarning birida Amir Temur janglardan qaytayotib aynan Buyuk ipak yo’li ustidagi ko’hna Zomin qal’asining Bobotutdagi masjid hovlisida hordiq olgani va namoz o’qiganligi hikoya qilinadi.
Sohibqiron Amir Temur mo’g’ullar bosqini davrida vayronaga aylangan Jizzaxdagi O’smat, Novqa, Nushkent, Sa’d ibn Vaqqos, Ko’rpasoy, Og’ajon, Rabot, Pishag’or, O’rda, Zomin qo’rg’onlari, Ali Ahmad, Katvin, Kaltepa, Xudoysar karvonsaroylari qayta qad roslashiga bosh-qosh bo’ldi. Xonim-qo’rg’on, Qizilqo’rg’on, Bozorqo’rg’on qo’rg’onlari, Sayidmir, Xalilulla, Sa’d ibn Vaqqos avliyo, Parpi ota, Ko’kgumbaz, Avliyo Bobayakka, Avliyo Kulfisar maqbarasi, xonaqoh va masjidlari obod bo’ldi. Bog’imozor, Sangzor, Ko’rpasoy, Uvobsoy, Pishog’orda bog’lar barpo etildi. Amir Temur Buyuk ipak yo’lida savdo-karvonlari bexatar qatnovini yo’lga qo’yib, karvonsaroylar, bozorlar qurishga, obodonlashtirish ishlariga alohida e’tibor berib, bozorlarni kuzatib, xorijiy savdogarlarni qabul qilib, savdo-sotiq ishlarining taraqqiyotiga o’zining katta hissasini qo’shdi.
Sohibqiron Amir Temur vafotidan keyin Xuroson hukmdori Shohruh Mirzo (1377-1447) mamlakatda parokandalik, o’zaro urushlarga barham berish uchun ko’p sa’y-harakatlar qiladi. Buning natijasida Amir Temur mulklarining qariyb hammasi uning qo’l ostiga olingan edi. 1408 yilda Shohruh Mirzo Samarqanddan Hirotga qaytish oldidan Mirzo Ulug’bekni Movarounnahr bilan Turkistonga hokim qilib tayinlaydi. Mirzo Ulug’bek (1409-1449) Samarqandda hukmronlik qiladi. O’sha paytda Jizzax shahri va hozirgi Jizzax viloyati hududidagi barcha qo’rg’on va qal’alar ham Ulug’bek hukmronlik qilgan mamlakat tarkibiga kirar edi.
Mirzo Ulug’bek mamlakat ichida va atrofida osoyishtalikni saqlab turishga harakat qiladi. Dashti Qipchoqdagi o’zaro olishuvlarning oldini olishga, Mo’g’ulistonda avj olgan o’zaro ichki kurashlarga aralashishga majbur bo’lgan edi.
Dashti Qipchoqda Baroq O’g’lon, Mo’g’ulistonda Shermuhammadbek hokimiyatini Mirzo Ulug’bek ko’magida egallasalar-da, ular Ulug’bek ishonchini oqlamadi. Ulug’bek 1425 yilning erta bahorida Mo’g’ulistonga yurish qilib, g’alaba qozonadi. Bu zafarli yurishning nishonasi tarzida Ilono’tti darasi qoyatoshiga hijriy 828 (1428) yilda Ulug’bek tomonidan yozdirilgan bitik o’ziga xos “Zafarnoma” bo’lib, hozirga qadar saqlanmoqda.
Shohruh Mirzo 1447 yil 12 mart kuni nabirasi Sulton Muhammad isyonini bostirish vaqtida Ray shahrida olamdan o’tgandan keyin toju taxt uchn kurash yana avj oladi. Ulug’bekning qiyin ahvolga tushgani sababli qulay fursatdan foydalangan Abdullatif Amudaryodan kechib o’tib, Termiz, Kesh va G’uzorni osongina qo’lga kiritib, Samarqand tomon yo’l oladi. U Abulqosim Mirzo bilan birlashib, otasiga qarshi dushmanlik yo’liga o’tadi. 1449 yil oktabrida Damashq qishlog’i yaqinida Abdullatif qo’shini bilan bo’lib o’tgan qattiq jangda Ulug’bek qo’shini yengiladi. Zamonasining mashhur olimi va hukmdori Mirzo Ulug’bekning o’g’li Mirzo Abdullatif jaholatparast ulamolarning yashirin fatvosini uyushtirib, o’z otasini o’ldirishni buyuradi. Mirzo Ulug’bek 1449 yil 27 oktabrda 55 yoshida fojiali suratda shahid bo’ladi. Jaholatparastlik botqog’iga botgan Abdullatif taxt uchun kurashib, o’z inisi Abdulazizni, otasiga sodiq bo’lgan amirlarni o’ldirib temuriylarning Movarounnahrdagi toju-taxtini egallab oladi. “Padarkush” (“ota qotili”) deb la’natlangan Abdullatifga taxtda uzoq vaqt o’tirish nasib etmadi, olti yarim oy o’tar-o’tmas saroyda unga qarshi uyushtilgan fitna tufayli Abdullatif 1450 yil 9 may kuni o’ldiriladi. Bu mudhish voqealardan so’ng hokimiyatga bir vaqtning o’zida Samarqandda Shohruhning nabirasi, Ulug’bekning sevimli jiyani va kuyovi Mirzo Abdullo, Buxoroda Mironshohning nabirasi Sulton Abdusaidlar hukmdor qilib ko’tariladi. Mirzo Abdullo mamlakatda barqarorlikni tiklash uchun barcha chora-tadbirlarni amalga oshirsa-da, Samarqandda temuriylar taxtida uzoq o’tira olmadi. Avval u amakivachchasi Abusaid bilan, so’ngra qarindoshi Aloudavla bilan kurash olib boradi.
Taxt uchun kurash Movarounnahr va Xurosonda muttasil davom etib turgan bu paytda 1451 yili Dashti Qipchoq hukmdori Abulxayrxon katta qo’shin bilan Abusaid ishtirokida Toshkent, Chinoz va Jizzax orqali Samarqandga yurish qiladi. Shiroz qishlog’i yaqinidagi Bulung’ur anhori yoqasidagi bo’lib o’tgan jangda Mirzo Abdullo halok bo’ladi. Abulxayrxonning yordamida Abusaid Samarqandni egallab, Movarounnahrga hokim bo’lib oladi. Shohruhning nabirasi Abulqosim Bobur 1451 yilgacha Xurosonni o’z qo’lida tutib turadi. 1457 yili Hirot taxtini egallaydi va temuriylar davlatini har ikkala qismini birlashtirishga muvaffaq bo’ladi. Abusaid 1469 yilning erta bahorida Ozarbayjon, G’arbiy Eron va Iroqqacha bo’lgan viloyatlarni egallab turgan turkmanlarga qarshi yurish qilib, Ozarbayjondagi Mug’on cho’lidagi jangda halok bo’ladi. Abusaidning vorislari Sulton Husayn bilan to’qnashishiga jur’at etolmay, Movarounnahrga qaytadi. 149 yil 24 martda Sulton Husayn Xuroson hukmdori sifatida Hirotga kirib boradi. Buning oqibatida temuriylar davlati yana ikki mustaqil qismga Sulton Husayn hukmronligidagi Xuroson va Movarounnahrga bo’linib ketadi.
Farg’ona hokimi Zahiriddin Muhammad Bobur temuriylar saltanatini himoya qilish yo’lida astoydil kurash olib bordi. Biroq, og’ir iqtisodiy tanglik va siyosiy parokandalik sharoitida Boburning omadi yurishmadi. U o’z ona vatanini tark etib, o’zgalar yurtiga yuzlanishga majbur bo’ldi. Zahiriddin Muhammad Bobur avval Afg’onistonni, so’ngra shimoliy Hindistonning o’ziga bo’ysundirib, bu o’lkada Boburiylar saltanatiga asos soldi. Bu davlat O’rta Osiyo davlatchiligi udumlarini davom ettirib, uch asrdan ortiqroq hukm surdi. Bu davrda Hindiston yuksaldi, ravnaq topdi va shuhrat qozondi.
Xullas, Ona vatanning mana shunday qismatidan saboq chiqargan ota-bobolarimizning “Vatanni sevmoq iymondandir!” degan sharafli so’zlarida, shubhasiz, katta fazilat bor. Vatanga, elga bo’lgan muhabbat, ota-ona, qarindosh-urug’ va ustozlarga bo’lgan izzat-hurmat, oilaga sadoqat va e’tibordan boshlanadi.