Butun Turkiston, jumladan, Jizzax xotin-qizlari hayoti asrlar davomida musulmonchilik qoidalari, o’ziga xos an’analar asosida kechar edi. Ular aksariyat hollarda mehnatga tortilmas, uy-ro’zg’or ishlari va farzand tarbiyasi bilan shug’ullanishar edi. 20-yillarda Jizzaxda xotin-qizlarni tor oila muhitidan ijtimoiy-siyosiy hayotga tortish, paranjidan ozod qilish harakati boshlandi. Sovet tashkilotlari qoshida xotin-qizlar bo’limlari tuzilib, targ’ibot-tashviqot ishlari olib borildi. Xotin-qizlar uchun maxsus klublar, artellar, savodxonlik kurslari ochildi, jamoatchilik, bichish-tikish, savdo-sotiq ishlariga paranjini tashlagan holda jalb etila boshlandi. 1926 yil sentabrda O’rta Osiyo xotin-qizlar sovetida bu murakkab masalalarga shoshma-shosharlik bilan yondashilib, bu jarayonni majburiy ravishda jadallashtirishga qaror qilindi. Bu majburiy harakat “Hujum” (1924-1936 yillar) nomini oldi.
VKP (b) O’rta Osiyo byurosining 1927 yil 31 yanvarda chiqargan Murojaatida “Xotin-qizlarning sovet davlatini boshqarish va xo’jalikni yuksaltirishda erkaklar bilan bir safda turish uchun kurash – partiyaning asosiy vazifalaridandir!” deb ta’kidlandi. Oqibatda “Hujum” nomi bilan amalga oshirilgan harakat hukmron partiya tomonidan hech o’ylanmasdan, mahalliy shart-sharoitlar, xalqning urf-odatlari, udumlari hisobga olinmay amalga oshirilgani tufayli xotin-qizlar hayotida ko’plab noxush holatlarning yuz berishiga sabab bo’ladi.
To’g’risini aytganda, o’zbek xotin-qizlari ham ochiq-oydin yorug’ olamni ko’rish, ilm olishda erkaklar bilan teng huquqda bo’lishni orzu qilardi. Ammo shoshma-shosharli bilan boshlangan “Hujum” harakati yomon oqibatlarga olib kelishi tabiiy edi. Jizzax shahrida 1927 yil 8 mart kuni paranji tashlashga bag’ishlab o’tkazilgan mitinglarda ko’pchilik xotin-qizlar o’z paranjilarini tashlagan bo’lsa-da, ertasi kuni turmush o’rtoqlari tazyiqi bilan yana yopinib oldilar. Faol xotin-qizlar tomonidan olib borilgan targ’ibot-tashviqot ishlari tufarli shaharda 1928 yilning bahori va yoz oylarida paranji tashlagan xotin-qizlar soni ancha ko’paydi. Ular orasidan Adolat Olimjonova, Hanifa Usmonova, Amina Sodiqova, Toifa Kamoliddinova singari o’qituvchilar, Ibodat Teshaboyeva, Xursanoy Yo’lchiboyeva singari san’at va madaniyat xodimlari, klub va kutubxona mudiralari yetishib chiqdi.
Ammo shaharda paranji tashlagan ayollarga nisbatan turli nojo’ya xatti-harakatlar, xotin-qizlar joniga qasd qilish hollari ham sodir bo’ldi. Paranji tashlash, savodsizlikni tugatish tashabbuskorlari bo’lgan Fotima Qodirova bilan Misqoloy Karimovalar yarim tunda qora kuchlar tomonidan vahshiylarcha o’ldirildi. Ozodlik dushmanlari – qotillar odil sud qilinib, eng oliy jazoga hukm qilindi. Ammo shoshma-shosharlik oqibatida o’nlab Jizzaxlik faol xotin-qizlar qurbon bo’ldilar.
Jizzax shahrida Adolat Olimjonova ham xotin-qizlar savodini chiqarishda faol ishtirok qildi. 1929 yili hozirgi Sharof Rashidov nomli maktabni tugatgach, o’qituvchilik qilish bilan bir qatorda jamoat ishlarida faol ishtirok etdi. 1929 yilda Jizzax pedagogika bilim yurtida sirtdan ta’lim oldi. A.Olimjonova 1933 yili hozirgi Navoiy nomli jamoa xo’jaligi yoshlari o’rtasida tarbiyaviy ishlarni yaxshilash, ularni ishlab chiqarishga jalb etishda juda katta ishlarni amalga oshirdi. O’zbekiston xotin-qizlarining I qurultoyida delegate bo’lib qatnashib, Jizzaxda xotin-qizlar o’rtasida olib borilayotgan ishlar haqida so’zlab bergan edi.
A.Olimjonova uzoq yillar mobaynida yoshlar bilan ishladi. 1938 yilda yoshlar tashkiloti yo’llanmasi bilan Kitob tumaniga ishga yuborildi va tuman aloqa bo’limi boshlig’i va boshqa lavozimlarda mehnat qildi. Urush yillarida esa tuman partiya qo’mitasida mas’ul lavozimlarda faoliyat ko’rsatdi. Xalqimiz oldidagi xizmatlari uchun O’zbekiston Oliy Sovetining Faxriy yorlig’i va medallar bilan taqdirlandi.
1927-1928 yillarda Jizzax shahrida “Hujum” harakati yanada keng quloch yoydi. Xotin-qizlarni savodsizlikni tugatish kurslariga o’qishga jalb etish, ularning farzandlari uchun yasli va bog’chalar ochish tadbirlari ko’rildi. Jizzaxning eski shahari va atrofi qishloqlarida savodsizlikni tugatish uchun 8 ta kurs tashkil qilindi. Ular o’quv qurollari, adabiyotlar bilan ta’minlandi. O’sha yillari Jizzax shahar partiya qo’mitasidagi Xotin-qizlar sovetiga O’zbekiston Kompartiyasi yo’llanmasi bilan Raisa Vasilyevna Salmina ishga yuborilgan edi. U jizzaxlik xotin-qizlar o’rtasida tarbiyaviy ishlarni kuchaytirishga, kechki kurslar ochish va ularga xotin-qizlarni jalb qilishga bosh-qosh bo’ldi. Shaharda xotin-qizlar o’rtasida targ’ibot-tashviqot ishlarining yaxshilanishi tufayli o’sha yillari o’z zamonasining peshqadam ayollaridan Maqsadoy Sultonova, Barchinoy Xolmatova, Hikmatoy Yoqubova singari ko’plab ilg’or xotin-qizlar ishga jalb etiladi. Ular shahar xotin-qizlarining yetakchilari bo’lib yetishdilar.
Hikmatoy Yoqubova 1896 yilda Jizzax shahrining “O’ratepalik” mahallasida dehqon oilasida tavallud topgan edi. Boshlang’ich ma’lumotni qishloq maktabida oldi. Hikmatoy o’zbek ayollarini paranji tashlashga, bilim olishga da’vat qilib, jamoat ishlarida faol ishtirok qildi. U 1933 yili Jizzax shahar soveti ijroiya qo’mitasi raisligiga saylangan birinchi o’zbek ayollaridan edi. Uzoq yilar shahar Sovetiga raislik qilib, shaharda maktab va maktabgacha tarbiya muassasalarini ochishga, uy-joylar, yangi sanoat korxonalari qurish, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishga bosh-qosh bo’ldi. Bir necha yillar davomida Jizzax tuman partiya qo’mitasi xotin-qizlar Sovetiga raislik qilib, iste’dodli va qobiliyatli xotin-qizlarni Jizzax, Samarqand, Toshkent shaharlaridagi oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlariga o’qishga yubordi. Xotin-qizlardan malakali o’qituvchi, madaniyat va qishloq xo’jaligi xodimlari tayyorlashga munosib hissa qo’shdi. Hikmatoy O’zbekiston Oliy Soveti deputatligiga saylangan edi. H.Yoqubova umrining so’nggi pallasiga qadar Jizzax tuman pillachilik idorasiga rahbarlik qildi. U mehnatda ko’rsatgan xizmatlari uchun hukumatning qator orden va medallari bilan taqdirlangan edi.
Savodsizlikni tugatish kurslaridan maktablarga, so’ngra pedagogika bilim yurtlariga borib bilim olgan xotin-qizlar orasidan Hidoyat Qobilova, Munira Azimova, Shahri Turopova singari “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan o’qituvchi”, “Xalq maorifi a’lochi”lari, Jizzaxda mehnati ulug’langan, maorifga ko’plab xizmatlarini qo’shgan aziz siymolar yetishib chiqdilar.
Shahri Turopova butun umrini xalq ta’limiga baxshida etgan ustoz murabbiy edi. U 1935 yilda Jizzax pedagogika bilim yurtini tamomlagandan keyin, xalq ta’limi sohasida ishlab, ko’plab xotin-qizlarni o’qishga tortdi. H.Olimjon nomli umumta’lim o’rta maktabiga rahbarlik qilish bilan birga, 1958 yili Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutini tugatdi.
Shahri Turopova xalq ta’limini taraqqiy ettirishdagi ko’p yillik mehnatlari evaziga “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan o’qituvchi” unvoni, qator orden va medallar bilan taqdirlangan edi. Sobiq Ittifoq davrida o’tkazilgan “Hujum” harakati ko’pgina salbiy oqibatlarga olib kelganligini ham ko’rsatib o’tish joiz. Bu harakat ko’pgina xotin-qizlarning begunoh qurbon bo’lishiga, shuningdek, o’zbek ayollarining sharqona asriy udumlari oyoqosti qilinishiga ham sabab bo’lgan edi.