1917 yil 25 oktabrda Petrogradda bolsheviklar tomonidan amalga oshirilgan davlat to’ntarilishi natijasida Muvaqqat hukumat ag’darilganligi, o’rniga bolsheviklar boshliq sovet hokimiyati o’rnatilganligi haqidagi xabar Turkiston o’lkasiga ham yetib keldi. Bolsheviklar rahbarligidagi Toshkent soveti hokimiyatni egallash maqsadida kurash boshladi va 1917 yil 1 noyabr kuni Muvaqqat hukumatning Turkiston qo’mitasi ag’darib tashlandi. 1917 yil 15-22 noyabr kunlari Toshkentda ishchi-dehqon va askar deputatlari Kengashining III s’yezdi bo’lib o’tdi, unda bolshevik va so’l eserlardan iborat Turkiston Xalq Komissarlari Kengashi tuzildi. Biroq uning tarkibiga mahalliy xalq vakillaridan birorta kishi ham kiritilmadi.
Turkistondagi bolsheviklarning shovinistik siyosatiga javoban Turkiston taraqqiyparvarlari tashabbusi bilan o’lka musulmonlarining IV qurultoyi chaqirildi. 1917 yil 26-28 noyabr kunlari Qo’qon shahrida o’tgan Butun Turkiston musulmonlarining qurultoyida o’lkani hududiy jihatdan muxtor deb e’lon qilindi hamda Turkiston muxtoriyati va uning mustaqil hukumati tuzildi. Biroq Turkiston o’lkasi Xalq Komissarlari Soveti tomonidan 1918 yil 19 fevralda Turkiston muxtoriyati ag’darib tashlandi.
Bolsheviklar boshchiligida Turkiston Xalq Komissarlari Soveti 1917 yil 2 dekabrda Jizzaxda ham hokimiyatni egalladi.
Jizzax shahrida Sovetlar hokimiyatining o’rnatilishi zo’ravonlik, xunrezlik yo’li bilan amalga oshirildi. Sovetlar tuzumiga qarshi, unga bo’ysunishni istamagan kishilar qatag’on qilindi, sudsiz-tergovsiz turmalarga tashlandi, o’z yurtidan uzoq o’lkalarga va Sibirga surgun qilindi.
Qizil armiyaga tayangan bolsheviklar partiyasi har qanday qarshilikni bostirish maqsadida Jizzax shahrida harbiy komissariat bo’limi tashkil qilib, mahalliy millat vakillaridan 564 kishi armiya safiga safarbar qilindi.
1918 yili Jizzaxda ob-havo noqulay kelib, qishloq xo’jaligi ekinlaridan past hosil olinishi tufayli aholini va armiyani oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash qiyinlashdi. Mamlakatda sovet hukumati tomonidan joriy etilgan harbiy kommunizm siyosati tufayli bozorlarda g’alla sotishning man qilinishini aholi turmush sharoitining yomonlashishiga olib keldi. Shu sababli Jizzax uyezdida oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlash komissiyasi boshlig’i Shtemberg harbiy komissariyat xodimi Zborovskiy, shahar Ijroiya qo’mitasi oziq-ovqat tayyorlash komissiyasi bo’limi boshlig’i To’xtamishev va boshqalar kiritilib, unga 118 ta arava, 220 ta tuya ajratildi. Tayyorlangan g’allani qabul punktiga yetkazishni ta’minlash uchun Aleksey Anisimtsev komandirligida bir rota askar ajratilib, unga harbiy zobitlar Mixail Malikov, Mixail Broxinlar mas’ul qilib belgilandi.
Jizzaxda tuzilgan uchlik komissiyasi tomonidan Mulla O’rinboy Xo’jamqulov, Abdurasul Abdullayevlarning g’allasi tortib olinib, o’zlari jinoiy javobgarlikka tortildi.
Rossiya Xalq Komissarlari Soveti 1918 yilning yanvar oyida Qizil armiya va gvardiya tuzish to’g’risida Deklaratsiya qabul qildi. Bu Deklaratsiyaga muvofiq, Jizzax shahrida ham harbiy qismlar bilan bir qatorda, H.Abdujabborov tashabbusi bilan otliq ko’ngilli militsiya otryadi tuzildi. Otryadga ko’ngilli bo’lib kirgan N.Shokirbekov, J.Po’latov, X.Rajabov, A.Abduxoliqov, A.Shodibekov, G’.Safarbekov, K.Gayniddinov, Rashid Xalilov (Sharof Rashidovning otasi) singari otashqalb yoshlar uyezd qishloqlarida talonchilik qilib, kishilar tinchligini buzayotgan unsurlarga nisbatan ayovsiz kurash olib borishdi.
1918 yilning avgust oyida Jizzax uyezdida ishchi-dehqon va askar deputatlari Kengashi tuzilib, uning raisi qilib Ne’matilla Qarshiboyev, bo’lim boshliqlari va muovinlari lavozimiga Abdusattor Mirzakarimov, Orifjon Olimjonov, Abdulla Quljonovlar, Kengash a’zoligiga Haydarbek Abdujabborov, I.Iskandarov, M.Mirxolov, A.Azimov, U.Nurmatov va boshqalar saylandilar. Kengash a’zolari o’sha davr talabiga muvofiq, birgina Jizzax shahrida emas, balki O’smat, Yangiqo’rg’on, Sangzor, Bog’don, Jizzaxda ham aholi tinchligini saqlash, moddiy-ijtimoiy ta’minotni yaxshilash, aholi o’rtasida targ’ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirishda faol mehnat qildilar.
1919 yilning yanvar oyida shaharda partiya tashkiloti tuzilib, unga yetakchi etib A.Muhammadiyev, Eski shaharda musulmonlar byurosi tuzilib, uning kotibi etib H.Abdujabborov saylanadi. Jizzaxda tug’ilib voyaga yetgan o’sha davr faollaridan biri Orifjon Olimjonov qisqa umr ko’rgan bo’lsa-da, o’sha zamon talabiga ko’ra o’zining butun faoliyatini xalq xizmatiga baxshida qilgan haqiqiy olijanov insonlardan biri sifatida kishilar qalbida abadiy saqlanib qoldi.
Orifjon Olimjonov 1899 yili Jizzaxning “Toshkentlik” mahallasida mirob Olimjon bobo oilasida tavallud topadi. Rus-tuzem maktabida tahsil olayotgan o’n sakkiz yoshli Olimjon Jizzaxda podsho hukumatining mardikor olishga qarshi boshlangan qo’zg’olonda faol qatnashgan.
1917 yil oktabr to’ntarishidan so’ng Orifjon Olimjonov o’z bilimini oshirish uchun Samarqand shahridagi yangi sovet maktablarining birida o’qishni davom ettiri va maktab ijtimoiy hayotida faol qatnashdi. U Jizzax uyezd yoshlar qo’mitasi kotibligiga, 1923 yili Jizzax shahar partiya qo’mitasi mas’ul kotibi lavozimiga saylanadi. 1924 yilda Turkiston sovetlari 12-qurultoyida so’zga chiqib, Jizzax hayotiga oid bir qator talablarni o’rtaga tashladi. 1926 yil boshidan oktabr oyiga qadar Toshkent shahridagi qishloq xo’jaligi texnikumi rahbari lavozimida ishladi. So’ngra 1928 yil aprel oyigacha Toshkent shahri va poytaxt Viloyat xalq maorifi bo’limiga mudirlik qildi. U ishdan ajralmagan holda O’rta Osiyo davlar universitetining bir yillik tashviqotchilik kursida o’qidi. 1928 yil O’zbekiston Kompartiyasi maktab-maorif, madaniyat va san’at ishlari bo’yicha bo’limida yo’riqchi vazifasini, shu bilan birga, Respublika Markaziy Ijroiya qo’mitasi raisi Yo’ldosh Oxunboboyevning yordamchi kotibligini bajardi. O’sha yilning boshida O.Olimjonov tashabbusi bilan “Alanga” jurnali tashkil etildi.
1931 yilda O.Olimjonov Bekobod tuman Ijroiya qo’mitasiga raise tib saylandi. Ammo uning bu lavozimga kelishi bir guruh g’alamislarni tashvishga solib qo’ydi. Oqibatda u tuhmat qurboni bo’ldi. To’rt farzandi, turmush o’rtog’i bo’zlab qolaverishdi. Va nihoyat, Turkiston harbiy okrugi harbiy tribunal 1974 yil 30 avgustda O.Olimjonov ishini qayta ko’rib chiqib, uning ustidan 1932 yil 14 oktabr sanasi bilan chiqarilgan o’lm jazosi haqidagi hukmni bekor qildi.
1924-1925 yillarda Sovet hukumati tomonidan Turkistonda, mahalliy xalqlarning istak va talablarini hisobga olmasdan, milliy chegaralanishning o’tkazilishi natijasida O’zbekiston SSR tashkil etilib, uning hududiga Turkiston ASSR dan 9 ta uyezd, 133 ta tuman, 7 ta qishloq okrugi, Buxoro Respublikasining 9 ta viloyati; Xorazm Respublikasining 23 ta tumani kiritildi. O’z SSR tarkibida tashkil etilgan Samarqand viloyati tarkibiga Jizzax uyezdi hududlari kiritildi. Jizzax shahri uyrz markaziga aylantirildi. O’zbekiston Respublikasining dastlabki ma’muriy markazi Buxoro shahri bo’lgan bo’lsa, 1925 yil aprel oyida poytaxt Samarqand shahriga, 1930 yili Toshkent shahriga ko’chiriladi. O’zbekiston SSR hududi butun hokimiyat O’zbekiston SSR sovetlarining ta’sis qurultoyiga qadar Muvaqqa Inqilobiy qo’mita ixtiyoriga o’tkaziladi. Buxoro hukumati raisi, taniqli davlat arbobi Fayzulla Xo’jayev O’zbekiston SSR Inqilobiy qo’mitasi raisi etib tayinlanadi.
1925 yili 13-17 fevralda Buxorodagi Xalq uyida umum-o’zbek Kengashlarining birinchi qurultoyida “O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tashkil etilganligi to’g’risida Deklaratsiya” qabul qilinib, davlat hokimiyati oliy organlari rasmiylashtirildi. O’zbekiston SSR Markaziy Ijroiya qo’mitasi raisi lavozimiga “Qo’shchi” uyushmasi rahbarlaridan biri Yo’ldosh Oxunboboyev saylandi, O’zbekiston Xalq Komisslari Kengashi raisi lavozimiga Fayzulla Xo’jayev tasdiqlandi. O’zbekiston SSR rasmangina tuzilgan bo’lib, u hech qanday suverenitet, mustaqillika ega emas edi. U Markazning xom ashyo yetishtirib beruvchi o’lkasi bo’lib qolaverdi. Sovet hokimiyati dastlabki yillardayoq respublikada sovet tuzumini shakllantirishga, xalq ta’limi sohasida yurt farzandlari ongiga kommunistik g’oyalarni singdirish va shu yo’l bilan o’zlariga quloq qoqmay xizmat qiladigan “mo’min-qobil” avlodni tarbiyalab, voyaga yetkazishga qaratdi. Mamlakatda 20-yillarning o’rtalariga kelib ko’p zamonlardan buyon o’zbek xalqi ma’naviy hayotining tarkibiy qismi bo’lgan eski maktab, madrasalar faoliyati to’xtatilib, uning ko’p sonli ta’lim vakillari taqdir-qismati va hayoti og’ir sinovlarga duchor qilindi.
Hukmron kommunistik partiyaning madaniy qurilish siyosati, asosan, “Shaklan milliy, mazmunan sotsialistik madaniya”ni shakllantirishga qaratildi. Zero, “lenincha madaniyat inqilob g’oyasi”ning bosh maqsadi ko’p millatli sovetlar mamlakatida yagona sotsialistik madaniyatni tarkib toptirish va barcha xalqlarni go’yo “bahramand” qilishga qaratilgan edi. Biroq, o’zbek xalqining o’ziga xos tarixiy merosi inkor qilindi. Chunki bular “kommunistik mafkura” va uning tamoyillariga zid kelar edi.
O’zbekistonda o’sha yillarda o’zbek xalqining olis asrlarga borib taqalgan moddiy va ma’naviy madaniyati durdonalari, osori atiqalariga, masjid va madrasa, maqbaralar ko’rinishidagi noyob obidalariga hujum uyushtirildi. Jumladan, Jizzaxning Eski shaharidagi tarixiy-me’moriy obidalar Oq masjid, Qizil masjidlar yoqib yuborildi. “Jizzaxlik”, “Qassoblik”, “Zargarlik” va boshqa mahallalardagi masjidlar, eski maktablar ham yopib qo’yildi. “Xudosizlar jamiyat”lari tuzilib, ular orqali masjid va madrasalarga qarshi hujumkor ateistik tashviqot-targ’ibot ishlari amalga oshirildi. Uning oqibatida shaharning ilg’or g’oyali ziyolilari, ruhoniylar, eshonu mullalar ta’qib, quvg’inlarga dosh berolmay, Pokiston, Turkiya, Eron, Afg’onisn va boshqa xorijiy yurtlarga bosh olib ketishga majbur bo’ldilar. Sovetlar hokimiyatining Jizzaxda o’z hukmronligini kuchaytirish, o’lka hayotining barcha sohalarini izmiga bo’ysundirish yo’lida yuritgan qattiqqo’l siyosati, ko’rgan murosasiz chora-tadbirlariga qaramay, yurtimizning dovyurak, o’z istiqloli va kelajagiga ishongan iste’dodli odamlari o’z millatini ruhan ko’tarib, madaniy va ma’naviy sohalarda muayyan o’zgarishlarni, ibratli ishlarni amalga oshirishga bosh-qosh bo’ldilar.