Julxirs, Jul varaq
Julxirs, Jul varaq — uzun patli (7-15 millimetrdan 20 millimetrgacha) gilam. Odatda, alohida to’qilgan bo’laklardan iborat; o’rtadagi ikki bo’lakning eni 0,5 metr, ikki chekkadagi bo’lakniki 0,2 metr; uzunligi 2,0—2,5 metr, eni 1,0—1,4 metr. Sandal ustiga, qora uy ichidagi o’choq oldiga, ba’zan mehmonxonaga to’shalgan (Julxirsning bo’yi 3,26 metr, eni 1,07 metr bo’lgan naqshli nusxasi O’zbekiston davlat san’at muzeyida saqlanadi). Julxirs chorvachilik bilan shug’ullangan o’zbek ko’chmanchi qabilalarida tuya, qo’y, echki junidan maxsus usulda to’qilgan. Zamini to’q rangda, naqshlari rangba-rang (qizil, sariq, ko’k va ularning tuslari hamda junning tabiiy rangi — oq, kulrang, jigarrang, qoradan iborat), mujassamotida Markaziy maydon chegaralangan: naqshlar bo’yiga teng qatorlarda ingichka yo’llar bilan ajratilgan holda joylashgan yoki ichi naqshlar bilan bezatilgan turli romb, olti, sakkiz burchakli murabbalarning bir-biri bilan tutashgan qandasiy shakllaridan iborat bo’lgan. Julxirs bo’yiga yo’l-yo’l naqshli gilam — hoshiya tikilgan. Jizzax (G’allaorol, Baxmal va boshqalar), Samarqand (Urgut tumani) viloyatlarida xalq ustalari tomonidan hozir ham Julxirs tayyorlanadi. Ad.: Moshkova V. G., Kovri narodov Sredney Azii kontsa 19-nachalo 20 vv., T., 1970.