Juzjon

Juzjon, Guzgon — Afg’onistonning shimolidagi tarixiy shahar va viloyat (hozirgi Jouzjon). “Shohnoma”da Turon shohi Afrosiyob bilan bog’liq voqealar munosabati bilan qayd etib o’tilgan. Xitoy manbalarida (“Tanshu”) Xu-Chje-kyen deb nomlanib uning podshosi 50 ming kishilik qo’shinga ega ekanligi va u Toxaristonning turkiy qavmlardan bo’lgan oliy yabg’usiga tobe ekanligi aytilgan. Arablar istilosidan avvalgi davrda Juzjon hokimlari “guzgon-xudot” yoki “Guzganon shoh” unvoniga ega bo’lishgan. 10-asrda Juzjonda hukmronlik qilgan Farig’uniylar sulolasi vakillari ana shu unvon bilan aytilgan. Arab xalifaligi davrida Juzjon viloyatidan atigi 152 ming dirham xiroj olingan. 10-asrda Juzjon keng hududni qamragan badavlat, gullab-yashnagan viloyat bo’lgan. G’arbda u Garchiston va Marv, Sharqda Balx, Toxariston va Bomiyon, Janubda G’ur va Bust, shimolda Amudaryo bilan chegaralangan. Juzjon hokimi shu qadar kuchli bo’lganki, hatto Somoniylarni xiroj to’lamay faqatgina sovg’a-salom jo’natib turgan. “Hudud ul-olam”ga ko’ra Juzjon shohi o’z zamonasidagi hukmdorlar ichida eng obro’li, qudratli, aqlli, dono va o’qimishlisi bo’lgan. Uning mulkida adolat, tinchlik va osoyishtalik hukm surgan. 9-asrda Juzjonning poytaxti Anbar shahri (hozirgi Saripul) bo’lib, unda xalifalik voliysining qarorgohi joylashgan. 10-asrda unda Farig’uniylarning qishki qarorgohi bo’lib, yozgi qarorgoh Gurzuvon shahrida bo’lgan. “Hudud ul-olam”ga ko’ra Anbar boy shahar bo’lib, savdo ahli gavjum bo’lgan markaz sanalgan. Bu yerda mashhur “guzgon terisi” tayyorlanib, u turli mamlakatlarga chiqarilgan. Shaharda o’zining zarbxonasi, ulkan jome masjidi bo’lgan. 1019 yil farig’uniylar sulolasi taxtdan ag’darilgach, Mahmud G’aznaviy Juzjonni G’aznaviylar saltanati tarkibiga qo’shib olgan. Juzjon bu davrda yirik iqtisodiy va harbiy-siyosiy ahamiyatga ega bo’lgan. 1198 yil aprelda Juzjon qoraxitoylar bosqiniga uchragan. 13-asr boshida uni mo’g’ullar, 14-15-asrlarda Temuriylar egallagan. 16-asrda Shayboniylar, 17-asrda auimapxo Huwiapra tobe bo’lib Balx mulkiga tegishli bo’lgan. 18-asr o’rtalaridan afg’onlarning durroniylar davlati, 1919 yilda mustaqil Afg’oniston davlati tuzilgach, uning viloyatlaridan biri. Ad.: Axmedov B., Istoriya Balxa, T., 1982; Kamal iddinov Sh. S, Istoriche- skaya geografiya Yujnogo Sogda i Toxaristana po araboyazichnim istochnikam IX — nachala XIII vv. T., 1996.