Kaydalov Vladimir Elpidiforovich
Kaydalov Vladimir Elpidiforovich (1907.27.7, Barnaul — 1985.21.4, Toshkent) — O’zbekiston xalq rassomi (1957). 1932 yildan O’zbekistonda. Kaydalov asarlari milliy koloriti, hayot bo’yoqlar vositasida jozibali ifodalangani bilan diqqatga sazovor. Ijodi mavzu va janr jihatidan rang-barang. Dastlab gazeta va jurnal nashriyotlarida rassom bo’lib ishlab grafika usullarini o’rgandi. Taniqli kishilar (Y. Oxunboboyev, Hamza, S. Ayniy, G’. G’ulom, A. Hidoyatov va boshqalar, 1932— 40) portretlarini yaratdi; 1940-47 yillarda Navoiy portretini yaratish ustida ishladi. Linogravyura (Oybek, 1974; O. Sobirova, 1977), ksilografiya (A. Qahhor, S. Borodin, 1980), Moybo’yoq (Navoiy, 1972 va boshqalar)da ijod qilib portret ustasi sifatida tanildi. Navoiyning “Xamsa”si (1948), ko’pgina ertak va dostonlar (“O’zbek xalq ertaklari”, “Alpomish”, “qirq qiz” va boshqalar) ga ishlagan bezaklari bilan O’zbekistonda kitob grafikasi rivojiga samarali ta’sir ko’rsatdi. Ko’p sonli dastgoh grafikasi asarlari (“Kattaqo’rg’on suv ombori” litografiya turkumlari va boshqalar) hamda plakatlar yaratgan, kartinalar ustida ishlagan.