Kazaklar

Kazaklar (turkiycha — dovyurak, Botir, erkin odamlar) — rus va boshqa xalqlar tarkibidagi etnik guruh. Rossiya Federatsiyasida umumiy soni 5 million kishiga yaqin (20-asr oxiri). Dindorlari — pravoslavlar. Hozirgi vaqtda Don va Ural havzalari, Volgabo’yi va kubandan tortib Zabaykale, Ussuri, Irkutsk, Yenisey va Yettisuv atroflarigacha bo’lgan ulkan hududda yashaydilar. 15-asrda temuriy shahzodalarning qozoqlik qilib yurishi va qozoq xalqining nomlanishida Kazaklar so’zining lug’aviy ma’nosiga nisbatan muayyan darajada yaqinlik bor. Kazaklar dastlab o’rta asrlarda Dashti Qipchoqda yashagan qipchoqlar tarkibida erkin tabaqani tashkil qilganlar. Mo’g’ullar yurishidan keyin ularning turmushida muayyan o’zgarishlar yuz berdi. 15— 17-asrlarda rus podshosi mamlakat chegaralarini himoya qilishda ulardan keng foydalandi. Shu paytdan boshlab Kazaklar o’z turkiy xususiyatlarini yo’qota boshlab, slavyan xalqlari bilan aralashib ketdi. Keyinchalik rus podsholari ularni ustalik bilan o’z turkiy birodarlariga qarshi kurashga yo’lladi. Dastlabki kazak qo’shinlari Zaporoje Sechi, Terek, yoyiq va boshqa joylarda harbiy jamoalar shaklida 16-asrning 1-yarmida vujudga keldi. Kazaklar harbiy xizmatga o’z kiyim-kechagi, oziq-ovqati, qurol-yarog’i va ot-ulovi bilan borgan. Ularga hukumat tomonidan maosh to’langan, umrbod foydalanish uchun chekka hududlardan yer ajratilgan. Kondratiy Bulavin va Emelyan Pugachyov boshchiligidagi qo’zg’olonlarda Kazaklar faol qatnashgan. 18-asrdan boshlab to 1917 yilgacha Kazaklar Rossiya imperiyasining umumiy qurolli kuchlari tarkibidagi harbiy tabaqa hisoblanib kelgan. 1750 yil Astraxon va 1755 yil Orenburg kazak qo’shinlari tuzilib, ulardan no’g’aylar, qalmoqlar, qozoqlar va boshqirdlarga qarshi kurashda foydalanildi. 1787 yil Novorossiyskda qora dengiz kazak qo’shinlari tashkil qilindi. Dunay ortini Rossiya bosib olgach, 1828 yil Azov kazak qo’shinlari ham tuzildi. 19-asrda Sibir va boshqa mintaqalarda ham ko’plab kazak qo’shinlari tashkil qilindi. 20-asr boshlarida Rossiyada 11 ta kazak qo’shinlari (don, Kuban, Terek, Astraxon, Ural, Orenburg, Yettisuv, Sibir, Zabaykale, Amur, Ussuri) mavjud edi. 1916 yil Kazaklar soni 4.434 ming kishi bo’lib, ulardan 480 ming kishi harbiy xizmatni o’tagan. Kazaklar ixtiyorida 63 million desyatina yer bo’lgan. Birinchi jahon urushiga Kazaklar 300 ming askar jo’natgan. Barcha kazak qo’shinlari hamda viloyatlari harbiy va ma’muriy jihatdan kazak qo’shinlari bosh boshqarmasiga bo’ysungan. Har bir qo’shin boshida ataman turgan. Kazaklar Rossiya olib borgan urushlarda, xususan, yetti yillik urush (1756— 63), Frantsiya-Rossiya urushi (1812), Qrim urushi (1853-56), Rossiya-Turkiya urushi (1877-78) da muhim rol o’ynagan. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida harbiy texnikaning taraqqiy etishi bilan otliq kazak qo’shinining urushdagi mavqei birmuncha pasayib qoldi. 1917 yil Fevral inqilobini Kazaklar xayrixohlik bilan kutib olishdi. Oktabr to’ntarishidan keyin Kazaklar dastlab bolsheviklar va sovet rejimiga qarshi kurashdilar. Don, Kavkaz, Orenburg, Uralda kazak armiyalari tashkil qilindi. Xususan, Kazaklar Tsarisin (hozirgi Volgograd), Ural, Orenburg, Shimoliy Kavkazda faol harakat qilganlar. Sovet Rossiyasi rahbarlari VM.Lenin va Ya.M.Sverdlov buyrug’i bilan Kazaklar ayovsiz qirg’in qilindi. Leninning imzosi qo’yilgan bitta Telegramma olingandan keyin donda qo’zg’olon ko’targan o’n minglab Kazaklar otib tashlandi. Shuningdek, Kazaklarning katta qismi qizil armiya safida turib Oq gvardiyachilarga qarshi kurashgan. S.M.Budyonniy va O.I. Gorodovikov boshchiligidagi 1 va 2-otliq armiyaning ancha qismini Kazaklar tashkil qilgan. 1920 yil sovet rejimi tomonidan Kazaklar alohida harbiy tabaqa sifatida tugatildi. 1936 yil 20 aprelda Kazaklardan harbiy xizmatga olishning cheklanganligi bekor qilindi va bir necha kazak diviziyalari tuzildi. Ikkinchi jahon urushi yillarida generallardan L.M.Dovator, P.A.Belov va boshqalar rahbarligidagi kazak qo’shilmalari fashizmga qarshi kurashdilar. SSSRning parchalanishi natijasida 20-asr oxirlaridan Kazaklarning madaniy an’analari va urf-odatlari qayta tiklandi, turli kazak tashkilotlari tuzildi. Ad.: Murad adji, Polin poloveskogo polya, M., 1994.