KIMYOGARLAR

KIMYOGARLAR — Samarqand viloyatidagi shaharcha (1952 yildan). Samarqand shahar hokimiyatiga bo’ysunadi. Temir yo’l stantsiyasi (superfosfat). Samarqand shahrigacha 12 kilometr. Aholisi 15 ming kishidan ziyod (2005). Kimyogarlarda kimyo, keramzit, asfalt zavodlari, sanoat burg’ilash korxonasi, tamaki fermentasiyalash hamda sabzavot mahsulotlarini etishtirishga ixtisoslashgan “Samarqand—Aleks” O’zbekiston — Rossiya qo’shma korxonasi mavjud. Shuningdek, temir-beton konstruktsiyalari ishlab chiqarish korxonasi, gaz ta’minoti avtokorxonasi, avtomobil ta’mirlash ustaxonalari faoliyat ko’rsatadi. Savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari, bozor bor. 2 umumiy ta’lim, internat maktabi, bolalar musiqa maktabi, Bog’ishamol kasb-hunar maktabi, respublika harbiy litseyi mavjud. Kutubxona, “Kimyogarlar saroyi”, madaniyat uyi, stadion, sport zali bor. Kasalxona-poliklinikalardan tashkil topgan shahar tibbiyot birlashmasi, viloyat ruhiy kasalliklar markazi aholiga xizmat ko’rsatadi.