KO’KCHA OQTEPASI

KO’KCHA OQTEPASI — arxeologik yodgorlik (6-11-asrlar). Toshkentning Janubiy-g’arbiy qismida, Ko’kcha arig’i bo’yida joylashgan. 1927 yil N.G.Malliskiy tomonidan qayd etilgan. 1968 yil Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasi tekshirgan. Qo’rg’onning balandligi 5 metrga yaqin bo’lgan. Undan 6-8-asrlarga mansub turli xil sopol idishlar, sopol ostadon topilgan. Tepalikning do’ng qismi ostidan xom g’isht va paxsadan barpo qilingan imorat qoldiqlari kavlab ochilgan. Ko’kcha Oqtepasida hayot 10— 11-asrlargacha davom etganligi aniqlangan. Hozir tekislab tashlangan.