KO’RSICHQONLAR

KO’RSICHQONLAR (Ellobius) – kemiruvchilar turkumiga mansub hayvonlar urug’i. Tanasi g’o’lasimon, uzunligi 13 santimetrgacha, dumi 0,5—2,2 santimetr. Yevrosiyoning cho’l va dashtlarida tarqalgan; tog’larda 4000 metrgacha balandlikda uchraydi. Tuzilishi yer ostida yashashga moslashgan. Juni yumshoq va silliq. Boshi katta, quloq suprasi yo’q, ko’zi juda kichkiva va jun bilan qoplangan. Ko’rak tishlari og’zidan chiqib turadi (yer qazishga moslashgan). Panjalari qisqa va baquvvat. Uyasi uzun, murakkab va chukur, asosiy yo’li 100 metrcha, undan har tomonga uzunligi 20-50 metrli qo’shimcha yo’llar ketadi. Cho’l Ko’rsichqonlarining ezda faoliyati ancha pasayib, yerni kovlashdan to’xtaydi. Ko’rsichqonlar o’simliklarning yer osti qismi bilan oziqlanadi. Qishga oziq g’amlaydi. Yiliga ikki marta 3-5 tadan bolalaydi. Bitta uyada 10-15 tasi birga yashaydi. O’simlik ildizini qirqib, qishloq xo’jaligiga ziyon keltiradi. O’zbekistonda oddiy Ko’rsichqonlar (E. talpinus) tarqalgan.