Kristall nima?
Ehtimol, siz kristallni nodir va go’zal ma’dan yoki qimmatbaho tosh deb o’ylarsiz. Bir jihatdan haqsiz. Zumrad va brilliantlar chindan ham kristall hisoblanadi. Biroq barcha kristallar ham noyob va nafis emas. Tuz yoki shakarning ayrim zarralari ham — kristall! Tevarak-atrofimizdagi ko’pgina g’oyat oddiy moddalar kristallar sirasiga mansubdir. Kristall — moddaning qattiq holati. U o’z atomlarining joylashishiga ko’ra har gal o’zgacha ko’rinishga va ma’lum miqdordagi qirralarga ega bo’ladi. Bir moddaning barcha kristallari, garchi o’lcham jihatidan turlicha bo’lsa-da, lekin bir shaklda bo’ladi. Tabiatda kristallarni vujudga keltiruvchi yuzlab moddalar mavjud. Suv — eng tarqalgan ana shunday moddalardan biri. Muzlayotgan suv muz kristallariga yoki qor uchqunlariga aylanadi. Ma’dan kristallari muayyan bir tabiiy jinslarning shakllanishi jarayonida hosil bo’ladi. Yer qa’rida mavjud ulkan miqdordagi qaynoq va eritma holidagi tog’ jinslari, aslini olganda, ma’dan qorishmasidir. Bu suyuq va eritma tog’ jinslari massasi yer sirtiga ko’tarilgach, soviy boshlaydi. Ular juda sekinlik bilan soviydi. Ma’danlar qaynoq suyuqlikdan sovuq qattiq shaklga o’tib kristallga aylanadi. Masalan, tog’ graniti — kvars, dala shpati va slyuda kabi ma’danlarning kristalidir. Million yillar muqaddam granit suyuqlik holatidagi ma’danlarning eritma massasidan iborat bo’lgan. Hozirgi paytda yer qobig’ida tog’ jinslarining eritma holatidagi massasi mavjud bo’lib, ular asta-sekinlik bilan soviydi va xilma-xil turdagi kristallarga aylanadi. Kristallar istalgan shaklda yuzaga kelishi mumkin. Borliqda ma’lum bo’lgan kristallar 33 turga bo’linadi. Ular ham o’z navbatida yana 6 turga mansub guruhlarga ajratiladi. Kristallar o’z hajmlariga ko’ra ham turli-tumandir. Ayrim ma’danlar shu qadar ko’zga ko’rinmas kristallarni hosil qiladiki, ularni faqat zarrabin yordamidagina payqab olish mumkin. Boshqa har xil ma’danlardan yuzaga kelgan kristallarning og’irligi esa bir necha funt keladi.