Kvarts nima?
Biz turmushda kvartsdan har kuni foydalanamiz va hattoki uning kvarts ekanligini o’ylab ham o’tirmaymiz. Kvarts juda keng tarqalgan va turmushda keng ko’lamda qo’llaniladi. Kvartsni “kremnezem” deb atashadi. U kremniy va kisloroddan vujudga kelgan, vazni po’latdan og’irroq va shishadan shaffofroqdir. Hech narsa aralashmagan kvars rangsiz yoki oq tusli bo’ladi. Har xil qo’shimchalar esa kvartsni qizil, jigarrang, yashil, moviy, ko’k, hatto qora rangda tovlantiradi. Gohida kvarts yirik, qirralari o’tkir olti burchakli shaffof kristallar shaklida mavjud bo’lib, uni “tog’ billuri” deb ham atashadi. Aksariyat tog’lar kvartslardan tashkil topgan. Qum donasi o’zaro tsementli birikmaga aylangan kvarts zarralaridan iborat. Granitning tarkibida ham kvarts bor. Oq qumlar — aslida toza, sof kvartslardir. Oddiy qum zarrasi ham asosan kvartsdan iborat. Ko’pgina yarimnodir toshlar ham har xil aralashmalardan rang olgan kvartslardir. Agat, ametist, aqiq — ana shunday kvartslardir. Kvartsdan shisha va optik asbob-uskunalar ishlab chiqarishda foydalaniladi. Kvartsdan qilingan nozikkina plastinkalar radioga ham o’rnatilgan bo’lib, ular radioni kerakli to’lqinga burab to’g’rilashimiz uchun imkoniyat beradi. Agar kvarts qattiq qizdirilsa, u eruvchan kvartsga aylanadi. Eruvchan kvarts esa juda zarur mahsulot. U g’oyat yuqori harorat ta’sirida 1710 darajadagi issiqlikda eriydi, ancha qiyinchilik bilan siqiladi va kengayadi, tiniqlikda shishadan tiniqroqdir. Bunday material laboratoriyalarga g’oyatda qo’l kelishini bir tasavvur qilib ko’ringchi. Eruvchan kvartsdan yasalgan likopchani obi-tobida qizdirilganidan keyin suvga tashlab ko’ring-chi, unda “qilt” etgan o’zgarish sodir bo’lmaydi. Kvars yorug’lik va oftob taftini o’zidan yaxshi o’tkazadi. Deraza oynasi yutib yuboradigan hayotbaxsh ultrabinafsha nurlarni ham kvarts, aksincha, o’zida tutib qolmasdan o’tkazadi. Shu sababdan ko’pgina oromgohlarning tomi eruvchan kvartsdan qilingan. Eruvchan kvarsdan tibbiyotda qo’llaniladigan maxsus kvarts lampalari ham tayyorlanadi.