Laguna yotqiziqlari
Laguna yotqiziqlari – Lagunam hosil bo’lgan cho’kindi jinslar. Laguna yotqiziqlari mayda qum, alevrit, gil va karbonatli balchiqlardan iborat. Dengizga yaqin joylashgan va undan sohil uyumlari chizig’i bilan ajratilgan yoki u bilan bo’g’oz (masalan, Sivash, Qorabo’g’ozgo’l) orqali birlashgan sayoz havzalarda vujudga keladi. Laguna cho’kindilari aniq ifodalangan (ba’zida mavsumiy) qatlamliligi bilan tavsiflanadi. Dengiz va oqim suvning kelib quyilishidan Laguna suvi sho’r yoki chuchuk bo’lishi mumkin. Chuchuksuvli Lagunalarda, asosan, qum-gilli yotqiziklar va organogen cho’kindilar — ko’mir, lignit, torf; sho’rlanganlarida — dolomit, gips va boshqa minerallar (galit, mirabilit, astraxanit va hokazolar) to’planadi. Laguna yotqiziqlari shu xususiyatlari bilan dengiz va quruqlik qatlamlaridan tubdan farq qiladi. O’zbekistonning Janubiy va g’arbida yuqori yura kesimida Laguna yotqiziqlari 850 metr qalinlikdagi osh tuzi, sulfatli tog’ jinslarini, paleogen davri kesimida 350— 400 metr qalinlikdagi dolomit, ohaktosh, gips, angidrit qatlamlarini tashkil qiladi. Laguna yotqiziqlarida neft, gaz, oltingugurt (Gugurttog’) konlari, shifobaxsh mineral suv (Surxondaryodagi Xo’jaipok bulog’i) manbalari uchraydi. Laguna cho’kindilarida uchrovchi fauna turlari suv havzasining sho’rli darajasini ko’rsatadi. O’zbekistonda Laguna yotqiziqlari turli yoshdagi jinslarda mavjud.