Landshaftshunoslik

Landshaftshunoslik – tabiiy geografiyaning bo’limi, turli darajadagi murakkab tabiat va tabiiy-antropogen geosistemani o’rganadi. Landshaftshunoslikning asosini geografik landshaft haqidagi ta’limot tashkil qiladi. Barcha geografik majmualar — landshaft qobig’i va geografik mintaqalardan tortib eng kichik, ya’ni landshaft, joy, mavzegacha bo’lgan majmualar Landshaftshunoslikning tadqiqot ob’yektiga kiradi. Ba’zi tadqiqotchilar Landshaftshunoslikni faqat landshaftni va uning tarkibiy qismlari bo’lgan joy, mavze, fasiyalarni o’rganadigan fan, deb hisoblaydilar. Ushbu fanning asosiy tadqiqot metodi — Yer yuzasida ob’yektiv mavjud bo’lgan landshaftlarni aniklash, ularni bevosita joyida kuzatish, xaritaga tushirish, har tomonlama tavsiflab berishdan iboratdir. Landshaftlar ta’rifi miqdor va sifat ko’rsatkichlariga asoslanadi. Landshaftshunoslik aniqlagan qonuniyatlar tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilishga yordam beradi. Landshaftshunoslik faniga Rossiyada V. V. Dokuchayev va uning maslakdoshlari L.S. Berg, G. N. Visoskiy, A. A. Grigorev, S. V. Kalesnik, A. G. Isachenko, G. F. Morozovlar, nemis geografi Z. Passarge asos solgan. Ular tuproq zonalarini o’rganib, landshaftlarning zonallik qonuniyatini ishlab chiqishgan. O’zbekistonda Landshaftshunoslik bilan 1960-yillardan shug’ullanila boshlandi. Landshaftshunoslikda hozirgi vaqtda bir qancha ilmiy yo’nalishlar shakllangan. Masalan, Landshaftlar geofizikasi, landshaftlar Geokimyosi, antropogen Landshaftshunoslik, amaliy Landshaftshunoslik va boshqalar. Landshaftshunoslik ko’p fanlar uchun umumiy metodologik yondoshuvlar, ya’ni tarixiy, sistemali yondoshuvlarga tayanadi. Qiyosiy, matematik, xaritagrafik, aerokosmik, stasionar metodlardan foydalanadi.