Lata Mangeshkar
Lata Mangeshkar (1929.28.9, Hindiston, Madhya Pradesh shtatining Indour shahri) — hind xonandasi. Sangit Natak akademiyasining faxriy Doktori (1989). Nihoyatda jozibali, maftunkor, mayin va keng diapazonli ovoz sohibasi. Lata Mangeshkar 9 yoshidan katta sahnalarda xonanda sifatida tanilgan. 1941 yil Lahor shahrida “Art Pikchers” kinostudiyasi tanlovida g’olib chiqib, kinofilm qo’shiqlarini ijro eta boshlagan. Jami 1000 ga yaqin (shu jumladan, “Bayju Bavra”, “Barsat”, “Tojmahal”, “Gang daryosi oqqan mamlakatda”, “daydi”, “Janob 420”, “yangi Dehli”, “Sangam”, “mening ismim masxaraboz” va boshqa) film qo’shiqlarini katta mahorat, nozik did bilan ijro etgan. Kontsert dasturlaridan hind mumtoz (ishqiy “g’azal”, diniy “bqojon” va boshqalar), o’zga xalq (urdu, Panjob, Bengal, Tamil, telugu va boshqalar) lar va zamonaviy mualliflar qo’shiqlari o’rin olgan. Hindistonning eng oliy — “Padma Bhushan”, “Dada Sahib Phalke” davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Jahon bo’ylab gastrolda bo’lgan (jumladan, O’zbekistonda ham, 1968).