Lavsha
Lavsha (scorbutus), tsinga, skorbut, Barlou kasalligi — ovqat tarkibida S vitamin (askorbin kislota) yetishmasligidan yoki uni organizm yetarli o’zlashtirmasligidan kelib chiqadigan kasallik. Lavshada, asosan, Markaziy nerv sistemasi faoliyati buziladi: bemor bo’shashadi, tez toliqadi, uyquchan bo’lib qoladi. Boshi aylanadi, keyinroq borib quloq, burun, lab, barmoqlar hamda tirnoklar ko’karadi; milk shishadi va qonaydi, og’izdan badbo’y hid keladi, tishlar liqillab tusha boshlaydi. Boldir, son va dumbada qizg’ish qoramtir toshmalar paydo bo’ladi, keyinroq teri osti va muskul oralariga (kiyim tegib turadigan joylarda) qon quyiladi. Bulardan tashqari, a’zolar, bo’g’imlar va tana bo’shliqlari (plevra bo’shlig’i)ga qon quyiladi, me’da-ichak, yurak-tomir sistemasi faoliyati buziladi, qon bosimi pasayadi, anemiya kuzatiladi. Lavshaning oldini olish uchun tarkibida S vitamin mo’l mahsulotlar, xususan sabzavot (sabzi, kartoshka, karam) va mevalar (qora smorodina, na’matak, qulupnay) yeb turiladi. Davosi: askorbin kislota, S va R vitamin preparatlari buyuriladi.