Lengmyur (Langmuir) Irving

Lengmyur (Langmuir) Irving (1881.31.1, Bruklin, Nyu-York shtati — 1957.16.8, Falmut, Massachusets shtati) — amerikalik fizik va kimyogar. Ilmiy ishlari gazlardagi elektr razryadlar, termoelektron emissiya, vakuum texnikasi va boshqalarga oid. Emission tok zichligini ifodalaydigan formulani taklif etgan (1913). Metall sirtlar bilan tutashuvchi gaz va bug’larning termik ionlanishini tekshirgan (1924). Atomar vodorodni hosil qilgan (1911) va uning alangasida metallarni payvandlash jarayonini ishlab chiqqan. Birinchi kondensasion bug’ simobli vakuum nasosni yasagan (1916). Qattiq sirtlarda gazlar adsorbtsiyaskni o’rganib, adsorbtsiya chegarasi mavjudligini aniqlagan va adsorbtsiya izotermasi tenglamasini taklif qilgan (1909-16). Lengmyur monomolekulyar adsorbtsion qatlamlar tuzilishini tekshirgan, kolloid sistemalarning nazariy masalalarini ishlab chiqqan. Nobel mukofoti laureati (1932).