Letargiya

Letargiya (Yunoncha lethargia — unutish) — patologik uyqu, odamning uxlayotgandek harakatsiz holati; bunda hayot belgilari nihoyatda susayadi. Og’ir hollarda nafas susayishi, tomir urishi sezilmasligi, turli ta’sirotlarga reaktsiya bo’lmasligi kuzatiladi. To’satdan ro’y berib, bir necha soatdan bir necha kungacha (ba’zan oylab) davom etishi va o’z-o’zidan yo’qolishi mumkin. Letargiyada xotira qisman saqlanadi. Isteriya, kamqonlik umumiy darmonsizlikda, kuchli hayajonlanishdan keyin uchraydi. Letargiya bosh miya po’stlog’i va po’stloq osti tuzilmalarining haddan tashqari tormozlanishi tufayli ro’y beradi. Letargiya hayot uchun xavf tug’dirmaydi.