Lift
Lift (inglizcha Lift — ko’tarmoq) — odamlar va yuklarni vertikal yo’nalish bo’yicha tashish uchun mo’ljallangan kabinali muqim (stasionar) ko’tarish mashinasi. Kabinani harakatlantirish usuliga ko’ra, mexanik, gidravlik va pnevmatik xillarga bo’linadi. Elektr yordamida kanatli chig’ir bilan ko’tarib tushiruvchi mexanik Lift eng keng tarqalgan. Lift blokli chig’ir, yo’naltirgich bo’ylab harakatlantiruvchi kabina va posangidan iborat. Lift chig’irining joylashishiga ko’ra, pastda va yuqorida joylashadigan; xavfsizlikni ta’minlash qurilmasiga ko’ra, kabinasi Polist-plastli yoki bevosita osmali, posangili va boshqalar; harakatlanishiga ko’ra, sekin (1m/ sek), tez (1,5 m/sek) va juda tez (3,5 m/ sek va undan ortiq) harakatlanadigan xillari bor. Kanatlarga osilgan kabina tik shaxtada harakatlanadi. Sirpanma va rolikli boshmoqlar kabinani vertikal vaziyatda tutib turadi. Kabina harakatlanganda boshmoqlar shaxta devoriga qo’zg’almas qilib mahkamlangan yo’naltirgichlarda siljiydi. Xavfsizlikni ta’minlash uchun kabina va posangilar kamida 2 kanatga osiladi. Liftning xavfsiz ishlashini ta’minlash uchun kabinani ushlab qoluvchi va tezlikni cheklovchi qurilmalar o’rnatiladi. Bu qurilmalar tezlik mo’ljaldan bir oz oshganda, kanat uzilganda yoki bo’shab qolganda ishga tushadi. Lift yorug’lik va tovush signalizatsiyasi va boshqa qurilmalar bilan jihozlanadi. Ko’pgina Liftlar ichki buyruq va tashqi chaqiriq tugmacha (Knopka) lari orqali boshqariladi. Yo’lovchi ma’lum qavatdagi chaqiriq tugmachasini bosib Liftni “chaqiradi”. Lift kabinasiga kirgach, o’ziga kerakli qavatga oid tugmachani bosib, Liftga “buyruq” beradi. Liftning boshqarish apparatlari va ko’tarish mexanizmi mashinaxonada joylashgan. Gidravlik “suzib yuruvchi” Liftda kabina germetik shaxtaga nasos yordamida haydaladigan suv yordamida ko’tariladi. Pnevmatik Liftda kabina shaxtada hosil qilinadigan havo bosimi yordamida ko’tariladi. Bulardan tashqari, uzluksiz ishlaydigan ko’targichlar ham bor. Bunday Liftning har qaysi kabinasi uzluksiz zanjir zvenosi sifatida bo’lib, zanjirning bir qismi tushib, ikkinchi qismi ko’tariladi; bunda shaxtaning kirish eshigi doimo ochiq bo’ladi. Uning tezligi (0,3 m/sek) harakatlanayotgan kabinaga kirish va chiqishga imkon beradi. Liftning o’tmishdoshi miloddan avvalgi 1-asrda Rimda qurilgan. Shundan so’ng 6-asrda Misrda, 13-asrda Frantsiyada, 18-asrda Rossiyada, 19-asrda Germaniyada qurilgan. O’zbekistonda ham liftsozlik sanoati mavjud. 1969 yil Samarqand shahrida liftlar va ehtiyot qismlar ishlab chiqaradigan zavod qurilgan. Zamonaviy Lift avtomatik muhofaza va blokirovka vositalari, yorug’lik signalizatsiyasi, telefon aloqasi, dispetcherlik xizmati apparaturasi bilan ta’minlanadi. Odam tashiydigan Liftga 20 kishigacha yo’lovchi sigadi, u 150 metrgacha balandlikka ko’tarila oladi, tezligi 7,0 m/sek gacha, yuk tashiydigan Lift 5 tonnagacha yukni 200 metrgacha (ba’zi magazin Liftlarida 10 tonnagacha yukni 45 metrgacha) balandlikka ko’tara oladi, tezligi 2,5 m/sek gacha yetadi (2003). Lift turar joylar, jamoat va sanoat korxonalari binolariga, teleminoralar va boshqalarga quriladi.