Lipesk viloyati

Lipesk viloyati – Rossiya Federatsiyasidagi viloyat. 1954 yil 6 yanvarda tashkil etilgan. Maydoni 24,1 ming km2. Aholisi 1247,8 ming kishi (1998), asosan, ruslar yashaydi. Shaharliklar 64%. 18 tumanga bo’lingan, 8 shahar, 5 shaharcha bor (2001). Markazi — Lipesk shahri. Lipesk viloyati Sharqiy Yevropa tekisligining markazida. Don daryosining yuqori havzasida joylashgan. Yer yuzasi to’lqinsimon tekislik. Daryo vodiylari va jarliklar bilan o’yilgan. Foydali qazilmalari: temir rudasi, flyus va texnologik ohaktoshlar, o’tga chidamli gil, kvars qumlari, torf. Lipesk yaqinida mineral buloqlar va shifobaxsh balchiqlar bor. Iqlimi mo’tadil kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 10°, iyulniki 19°. Yillik yog’in 500 mm. Vegetasiya davri 180-185 kun. Asosiy daryosi don va uning irmoqlari: (sosna, Krasivaya Mecha, Voronej). Tuproqlari qoratuproq, sur va to’q sur o’rmon tuproqlari, botqoq va torf tuproqlar. Lipesk viloyati sanoatining asosiy tarmoqlari: qora metallurgiya (cho’yan, po’lat, prokat), mashinasozlik va metallsozlik (metal qirquvchi stanoklar, traktorlar, sanitariya-texnika jihozlari), kimyo (smola, lok, azot o’g’itlari), oziq-ovqat (shakar-qand, spirt, kraxmal, konserva, oziq-ovqat kontsentratlari, sabzavot quritish, sut-yog’, go’sht-parrandachilik kombinatlari) sanoatlari. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Temir-beton buyumlari zavodi (Eles, Lipesk, Dankov, gryazi) va boshqalar bor. Mebel (eles), poyabzal (Lipesk), tikuvchilik (eles, Lipesk, Usman) korxonalari va boshqalar mavjud. Qishloq xo’jalik g’alla ekinlari, kungaboqar, qand lavlagi, kartoshka yetishtirishga va sut-go’sht chorvachiligiga ixtisoslashgan. Bug’doy, javdar, grechixa, maxorka, sabzavot ekinlari ekiladi. Qoramol, cho’chqa, qo’y, parranda boqiladi. Temir yo’l, avtomobil transporti bor.