List (List) Fridrix

List (List) Fridrix (1789.6.1, reytlingen — 1846.30.11, Kufshteyn) — nemis iqtisodchisi, siyosiy iqtisoddagi nemis tarixiy maktabi vakili. List klassik siyosiy iqtisod maktabi vakillarining uslubidagi mavhumlik va Liberalizmni tanqid qildi, iqtisodiyot fani tahlilida tarixiy uslubning rolini bo’rttirib ko’rsatdi. List davlatning iqtisodiyotga faol aralashuvini talab qiladigan “tarbiyaviy homiylik (Protektsionizm)” g’oyasini rivojlantirdi, millatning sanoat tarbiyasi tamoyilini ilgari surdi. Ishlab chikaruvchi kuchlar nazariyasini yaratishga intilib, “aqliy kapital” (ilmiy kashfiyotlar, adabiyot, san’atdagi yutuqlar va boshqalar)ni uning asosiy tarkibiy qismi va millat boyligining asosiy manbai deb hisoblagan. Qiymatni ishlab chiqaruvchi kuchlar, “millat ruhi” (huquq, sud, armiya, politsiya va boshqalar) yaratadi, deb qaragan. List xo’jalik taraqqiyotining tarixiy bosqichlarini tahlil qilib, chin millat badaviylik; cho’ponlik; dehqonchilik; dehqonchilik-sanoat; dehqonchilik-sanoat-savdo kabi besh bosqichni bosib o’tadi va Germaniya kelajagi sanoat bilan chambarchas bog’liq deb hisoblagan. List Germaniyaning Yevropada hukmron bo’lishini yoqlaydigan shovinistik g’oyalarini himoya qilib, urushni “millat marhamati” tarzida talqin etgan. Listning ayrim g’oyalaridan natsistlar o’z geosiyosatida foydalangan.