Litologiya
Litologiya (lito… va logiya) — cho’kindi tog’ jinslari haqidagi fan. Cho’kindi tog’jinslarining tarkibiy qismi, struktura va teksturasi, fizik-kimyoviy xususiyatlari, hosil bo’lish sharoitlari va o’zgarishi jarayonlarini o’rganadi. Cho’kindi jinslar va ular bilan bog’liq bo’lgan yoki birga uchraydigan foydali qazilmalarning paydo bo’lishidagi shart-sharoitlarni, ularning kon bo’lib shakllanishi va joylashish qonuniyatlarini aniqlab, mamlakatning foydali qazilmalarga bo’lgan ehtiyojini to’la ta’minlash Litologiyaning eng asosiy vazifasidir. Litologiya petrografiya, geokimyo, tektonika, mineralogiya, stratigrafiya, gidrogeologiya, fizika, matematika, kimyo, biologiya, okeanologiya va boshqa fanlar bilan uzviy bog’liq. Litologiya 20-asrning 40-yillaridan A. P. Karpinskiy, V. I. Vernadskiy, D. V. Nalivkin, N. M. Straxov, L. V. Pustovalov, M. S. Shvesov, L. B. Ruxin kabi bir qancha rus geologlarining olib borgan ishlari natijasida fan sifatida shakllana boshladi. O’rta Osiyoda Litologiya fani H.M.Abdullayev, V.I. Popov, O. M. Akramxo’jaev, F. O. Mavlonov, A. G. Boboyev, N. P. Petrov, N. I. Grindev, M. Egamberdiyev, Z. S. Ibrohimov, M. Z. Zokirov, K. A. Sotiriadi, M. O. Ahmadjonov, D. Eshniyozov va boshqa bir qancha o’zbekistonlik olimlarning, ayniqsa, Neftchi-litologlarning ko’p yillik mehnati tufayli sezilarli darajada taraqqiy etdi. Ba’zi olimlarning fikricha, Litologiya bundan 40-50 yil muqaddam cho’kindi jinslar petrografiyasining taraqqiyotidan kelib chiqqan. Aslida esa, Litologiya birinchi marta 11 —12-asrlardayoq o’rta osiyolik buyuk olimlar Ibn Sino va, ayniqsa, Beruniy asarlarida shakllangan. Ular cho’kindi jinslarning dengiz, ko’l yoki quruqlikda paydo bo’lganligini ilmiy jihatdan isbotlash uchun qatlamlar tarkibidagi o’simlik qoldiklari, toshga aylangan hayvon tanasi, chig’anoqlar, baliq tangasi va boshqa dalillardan geologiya tarixida birinchi marta foydalanishgan. Beruniy Amudaryoning qadimgi o’zani holatini va Gang daryosi deltasini o’rganish hamda o’zining Hind okeani va qizil dengiz qirg’oqlaridagi aniq kuzatishlari bilan o’sha zamondayoq “yosh fanlar” — litologiya va paleogeografiyaga asos solgan. Olimlarning hisobiga ko’ra, yer po’stida mavjud bo’lgan barcha foydali qazilmalarning qariyb 75% cho’kindi jinslar bilan birga uchraydi. Cho’kindi jinslar, asosan, 4 xil yo’l bilan: shamol yoki suv bilan dengiz, ko’l va okeanlarga keltirilgan (chaqiq) jinslarning yig’ilishidan; suv tarkibidagi turli moddalarning o’zaro kimyoviy reaktsiyaga kirishib cho’kishidan; hayvon va o’simlik qoldiqlarining cho’kishidan; quyosh energiyasining o’simlik faoliyatiga ta’siri (fotosintez) natijasida vujudga kelgan organik moddalardan hosil bo’ladi. Cho’kindi jinslar paydo bo’lishi va hattoki shakllanishi jarayonida vulkan harakati va vulkan materiallarining mavjudligi katta ahamiyatga ega. Chaqiq jinslar, havo, shamol, suv, muz, temperaturaning muntazam o’zgarishi hamda o’simlik va hayvonlarning ta’sirida tub tog’ jinslarining kimyoviy, mexanik nurashidan paydo bo’ladi. Tub tog’jinslarining nurash jarayoni ko’pincha foydali qazilma konlarining paydo bo’lishiga olib keladi. Masalan, nurash po’stida temir va marganes “qalpoqlari”, dala shpatlarining kimyoviy emirilishidan kaolinit, laterit, boksit vujudga keladi. Mexanik nurash jarayonida oltin, titan-Magnetit, kassiterit (qalay) sochilma konlari hosil bo’ladi. Bu konlar chaqiq jinslardan tashkil topgan qumtosh, gravelit, konglomerat kabi terrigen jinslarda yig’iladi. Cho’kindi jinslar paydo bo’lishining turli bosqichlarida kimyoviy yo’l bilan rang-barang minerallar shakllanadi. O’simlik qoldiqlaridan torf, ko’mir qatlamlari; suv ko’katlari va har xil dengiz hayvon qoldiqlaridan hosil bo’lgan organik moddalardan esa neft, gaz va yonuvchi slaneslar paydo bo’ladi.