Liviya, Liviya Arab sotsialistik Xalq Jamahiriyasi
Liviya, Liviya Arab sotsialistik Xalq Jamahiriyasi (Al-Jamahiriya al-Arabiya al-Libiya ash-Shaabiya al- Ishtirokiya) — Shimoliy Afrikadagi davlat. Maydoni 1759,5 ming km2. Aholisi 5,2 million kishi (2001). Poytaxti — Tripoli shahri. Ma’muriy jihatdan 13 viloyat (baladiyya)ga bo’linadi. Davlat tuzumi. Liviya — Jamahiriya (xalq ommasi davlati). Konstitutsiyasi yo’q. Rahbar organ — inqilobiy (tarixiy) rahbariyat. Qonun chiqaruvchi organ — umumiy xalq Kongressi. Ijrochi hokimiyat — hukumat vazifasini bajaruvchi Oliy Xalq qo’mitasi. Davlat boshlig’i — Liviya inqilobi rahbari, Liviya Arab Sotsialistik Xalq Jamahiriyasi boshlig’i Muammar Qazzofiy (Kaddafiy). Tabiati. Liviya hududining 98% subtropik chala cho’l (shimolda) va tropik cho’ldan (Janubda) iborat. Qirg’oq chizig’i nisbatan tekis. Eng katta va yagona qo’ltig’i — Sidra. Liviya yer yuzasining ko’p qismi plato (balandligi 200-600 metr). Janubda Tibasti tog’ligining tarmoqlari (balandligi 2286 metrgacha) bor. Mamlakatning Sharqiy qismini Liviya nuli egallagan. Geologik jihatdan Liviya hududi Afrika platformasi shimoliy yon bag’rining bir qismidan iborat. Tokembriy kristalli jinslar yer yuziga chiqib yotadi. Soyliklar cho’kindi jinslar bilan to’lgan. Liviyaning Markaziy qismida yosh vulkan jinslari ko’p. Yuqori bo’r — paleogen yotqiziqlari orasida neft konlari bor; gaz, temir rudasi, fosforit va boshqa qazilma boyliklar ham mavjud. Iqlimi tropik, cho’lga xos iqlim. Temperaturalarning mavsumiy va sutkalik farqi katta. Mamlakat shimolda subtropik iqlim, O’rta dengizga xos. Yanvarning o’rtacha temperaturasi shimolda 11 — 12° va Janubda 15-18° gacha, iyulniki shimolda 27-29° va Janubda 32-35°gacha, eng yuqori temperatura (50° dan oshadi) Liviya cho’lining markazida. Yillik yog’in mamlakat shimolda 250-350 mm dan (Tripolida) 400-625 mm gacha (Kirenaikada). Issiq va kuruq hamsin shamoli esib turadi. Doim oquvchi daryolari yo’q. Yer osti suvlari yuza joylashgan yerlarda vohalar bor. Kuruqo’zanli vodiy ko’p. Sohildagi bo’z va bo’z-jigarrang tuproqli erlarda akasiya, tamariks, makvis, kedr, sarv; Janubroqda dag’al ut va buta o’sadi. Cho’l qismida o’simlik juda siyrak. Hayvonot dunyosi, asosan, sudralib yuruvchilar (ilon, kaltakesak)dan iborat; chayon ko’p. Shim.da sirtlon, kashqir, tulki, quyon uchraydi. Vodiylarda qushlar bor. Milliy bog’i — kuf. Aholisining 98% arablar. Barbar, Tuareg va tubular, yirik tshaxarlarida Yevropalik (asosan, italyan)lar ham yashaydi. Rasmiy til — Arab tili. Davlat dini — Islom (musulmonlarning aksari Sunna mazhabida). 90% aholi mamlakatning shimol qismida, cho’lda siyrak, bir qismi ko’chmanchi. Aholining 82% shaharlarda yashaydi (1990). Yirik shaxarlari: Tripoli va Bing’ozi. Tarixi. Liviya hududida odam qadimdan yashab keladi. Ming yillar davomida ibtidoiy jamoa tuzumi hukm surgan. Miloddan avvalgi 1-ming yillikning 1-yarmida Liviya g’arbida Leptis-Magna, Sabrata va EA degan Finikiya manzilgohlari vujudga keldi. 7-asrda Liviya sharqida yunonlarning shaharchalari paydo bo’ldi. Shulardan muhimi Kirena. Keyinchalik Liviya hududining bir qismi Kirenaika deb yuritildi. Miloddan avvalgi 5-asr o’rtalarida Liviyaning g’arbiy qismi Karfagen qo’l ostiga o’tdi. Miloddan avvalgi 6-asr oxiri va 5-asr boshlarida Kirenaikaning bir qismini Axomaniylar davlati, keyinchalik makedoniyalik Aleksandr qo’shinlari bosib oldi. Miloddan avvalgi 2-asrda uni Rim egallagan. 6-asrdan Liviya Vizantiya tarkibiga kirdi. 7-asrda Liviya Arab xalifaligiga qo’shib olingan. Liviyaga juda ko’p Arab qabilalari ko’chirib keltirilishi natijasida mahalliy aholi arablar bilan chatishib ketgan. Islom dini keng tarqalgan. Liviya 16-asrdan 1912 yilgacha Usmonli turk saltanati tarkibida bo’ldi (faqat 1711 — 1835 yillari Liviyani mahalliy karamanli sulolasi boshqardi). 1911 — 12 yillardagi Italiya-Turkiya urushidan so’ng Liviyaning sohil bo’yi hududlarini Italiya egalladi. Mahalliy aholi Italiya mustamlakachilariga qattiq qarshilik ko’rsatdi. 1-jahon urushi davrida Italiya o’z qo’shinlarining bir qismini Liviyadan olib chiqib ketishga majbur bo’ldi. Italiya qo’l ostida faqat Hims, Tripoli va Bing’ozi shaharlari qoldi. Bu vaqtda Kirenaika hududi Sanusiya tariqati qo’l ostida edi. 1918 yil Tripolitaniya Respublikasi e’lon qilindi. Italiya hukumati o’z mustamlakalaridan ajralib qolishdan qo’rqib, Sanusiya tariqati boshlig’i Idris as-Sanusiyni Kirenaika hukmdori deb tan olishga, Tripoli-Taniya Respublikasiga muxtoriyat huquqi berishga majbur bo’ldi. 1922 yil Idris as-Sanusiy Kirenaika va Tripolitaniya amiri deb e’lon qilindi. Italiyada hokimiyat fashistlar qo’liga o’tgach (1922), Liviyani butunlay bo’ysundirish uchun urush harakatlari yana boshlab yuborildi. Mahalliy aholi ko’plab qatl qilindi. Juda ko’p yerlar italyan kelgindilariga bo’lib berildi. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlari ustidan Italiya nazorati o’rnatildi. Bunga qarshi Liviyada ozodlik harakati yanada avj olib ketdi. Italiya qiyinchilik bilan Tripolitaniya (1928), Fessan (1930)ni bosib oldi. 1939 yilga kelibgina Kirenaika, Tripolitaniya va Fessan Italiya tarkibiga kiritildi. 2-jahon urushi davrida Italiya mustamlakalarini kengaytirish uchun Liviyadan baza sifatida foydalanishga urindi. Liviyada harbiy bazalar, katta tosh yo’llar qurildi, portlar qayta tiklandi, mustamlaka qo’shinlari tuzildi. 2-jahon urushida fashist qo’shinlari mag’lubiyatga uchray boshlagach, Italiya- Germaniya qo’shinlari Liviyadan butunlay olib chiqildi. 1942 yil oxiri — 1943 yil boshida esa frantsuz askarlari Fessanni, ingliz askarlari Kirenaika va Tripolitaniyani egalladi. Shu vaqtdan Liviya Buyuk Britaniya va Frantsiya harbiy ma’muriyati qo’l ostiga o’tdi. Liviya taqdiri haqidagi masala dastlab 1945-48 yillarda tashqi ishlar vazirlari kengashi (2-jahon urushidan keyin yarash bitimlarini tayyorlash maqsadida ta’sis etilgan xalqaro organ)da, so’ngra BMTda muhokama qilindi. 1949 yil noyabrda BMT Bosh Assambleyasi Liviyaga 1952 yil 1 yanvardan mustaqillik berish to’g’risida qaror qabul qildi. 1950 yi;da chaqirilgan Milliy ta’sis Majlisi Liviya Konstitutsiyasini qabul qildi. 1951 yil 24 dekabrda mustaqil Liviya Qo’shma Podshohligi (tarkibida Kirenaika, Tripolitaniya, Fessan viloyatlari bo’lgan federatsiya) tuzilganligi e’lon qilindi. 1963 yilda Liviya unitar davlat deb e’lon qilindi. Ayollarga saylov huquqi berildi. Mamlakatning iqtisodiy va siyosiy hayoti hamon yirik zamindorlar, qabila shayxlari qo’lida edi. Demokratik harakatlar qattiqqo’llik bilan bostirilar edi. 1969 yil 1 sentabrda yashirin siyosiy tashkilot a’zolari — esh armiya ofitserlari guruhi monarxiyani ag’darib tashlab, Liviya Arab Respublikasi (lar) tuzilganligini e’lon qildilar. Mamlakatni boshqarish inqilobiy qo’mondonlik qo’mitasi qo’liga o’tdi. Liviyada “Liviya Islom sotsializmi” qurilishi e’lon qilindi. 1970 yilda barcha chet davlatlarning harbiy bazalari lar hududidan chiqarib yuborildi. 1972 yilda mamlakatda yagona siyosiy tashkilot — Arab Sotsialistik Ittifoqi tuzildi. 1977 yilda “Xalq hokimiyati” tartiboti e’lon qilindi, mamlakatning nomi o’zgartirilib, Liviya Arab Sotsialistik Xalq Jamahiriyasi deb ataldi. Oliy xalq Kongressining 1979 yil 1-2 martdagi favqulodda sessiyasi qarori bilan Muammar Qazzofiy rasmiy ravishda davlat hokimiyat tizimidan tashqari turuvchi, amalda esa rahbar organ bo’lmish inqilob rahbariyati boshlig’i bo’lib qoldi. Liviya 1955 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 1 sentabr — Inqilob Kuni (1969). Liviyada siyosiy partiyalar yo’q. Liviya Jamahiriyasi ishlab chiqaruvchilar kasaba kongresslari uyushmasi umumiy kongressi 1972 yilda tuzilgan. Xo’jaligi. Liviya rivojlanayotgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Iqtisodiyotning asosi — neft qazib chiqarish va uni qayta ishlash sanoati. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 35,6%, qishloq xo’jaligining ulushi 5,5% (1989). Sanoati neft va gaz konlari, neftni qayta ishlash, tsement, metallurgiya, oziq-ovqat (zaytun moyi, meva va baliq konservalari, tamaki mahsulotlari), to’qimachilik (jun gazlama), ko’nchilik korxonalaridan iborat, bir necha elektr stansiyalari bor. Yiliga o’rtacha 9,8 milliard kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Sanoat korxonalarining ko’pchiligi Tripoli, Bing’ozi va boshqa shaharlarda joylashgan. Misurotada yirik metallurgiya majmuasi, boshqa shaharlarda quvur, elektr simlari ishlab chiqaruvchi korxonalar, traktor va avtomobil yig’uvchi zavodlar bor. Hunarmandchilik rivojlangan. Qishloq xo’jaligiga yaroqli yerlar o’rmonlar bilan birga 4,2 million gektar (2%). Asosiy ekinlari: arpa va bug’doy. Sabzavot, meva (apelsin, mandarin, xurmo, uzum), yer yong’oq, zaytun, tamaki ham yetishtiriladi. Liviya Sahroi Kabiridagi aholining asosiy mashg’uloti — chorvachilik. Qo’y, echki, qoramol, tuya, yilqi, eshak boqiladi. Sohil yaqinidagi suvda baliq va dengiz jonivorlari ovlanadi. Transporti. Liviyada temir yo’l yo’q. Avtomobil transportining ahamiyati katta, uning uzunligi — 28 ming kilometr, neft quvurlarining uzunligi — 3,4 ming kilometr. Eksport qilinadigan neft va chetdan keltiriladigan yuklar dengiz transportida tashiladi. Dengiz flotida 26 kema, shu jumladan, 12 tanker bor. Yirik portlari: Tripoli va Bing’ozi. Tripoli, Bing’ozi va Sabha shaharlarida xalqaro Aeroportlar bor. Liviya chetga neft va neft mahsulotlari, shuningdek, gaz, tsitrus mevalar, teri, kimyoviy mahsulotlar va boshqalar chiqaradi. Chetdan mashina va asbob-uskuna, oziq-ovqat, ma’danli o’g’it, qurilish materiallari va boshqalar keltiradi. Tashqi savdoda Italiya, Germaniya, Ispaniya, Frantsiya, Yaponiya, Koreya bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — Liviya dinori. Tibbiy xizmati. Shifokorlar Bingozidagi universitetning tibbiyot fakultetida, o’rta malakali tibbiyot xodimlari maxsus maktablarda tayyorlanadi. Tibbiy xizmat tizimi asosan davlat qaramog’ida. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. 1975 yildan 6 yoshdan 15 yoshgacha bo’lgan bolalar va o’smirlar uchun majburiy ta’lim joriy etilgan. Boshlang’ich maktabda o’qish muddati 6 yil, o’rta maktabda 6 yil. Barcha bosqichlardagi ta’lim — bepul. Liviyada 10 universitet, 17 oliy o’quv yurti, 14 ilmiy tadqiqot markazi bor. 1975 yilda Afrikadagi eng yirik neft tadqiqotlari laboratoriya tashkil etilgan. Tripolida Davlat kutubxonasi (1917) va universitet kutubxonasi, Bing’ozida Xalq kutubxonasi, Bing’ozi universiteti kutubxonasi bor. Tripolida arxeologiya, etnografiya, Islom, tabiat tarixi muzeylari, Leptis-Magna, Sabrata va boshqa shaharlarda qadimgi tarix muzeylari mavjud. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Liviyada nashr etiladigan yirik gazeta va jurnallar: “Al-Fajr al- Jadid” (“yangi tong”, Arab tilidagi kundalik gazeta, 1978 yildan), “Al-Jamahiriya” (Arab tilidagi haftalik gazeta, 1980 yildan), “az-Zahf al-Axdar” (“yashil hujum”, Arab tilidagi haftalik gazeta, 1980 yildan), “Al-Muntijun” (“ishlab chiqaruvchi”, Arab tilidagi haftalik gazeta, 1978 yildan), “Jeysh ash-Sha’b” (“Xalq armiyasi”, Arab tilidagi oylik jurnal, 1971 yildan). Jamahiriya axborot agentligi (jana) — rasmiy axborot Mahkamasi bo’lib, 1965 yildan faoliyat ko’rsatadi. Radioeshittirish korporatsiyasi 1957 yilda tuzilgan. Teleko’rsatuv xizmati 1968 yilda tashkil etilgan. Adabiyoti. Arab istilosidan so’ng 7-asr 8-asr boshlarida Liviyada adabiyot umum-arab madaniyati asosida rivojlandi. Ammo 16-asrdan Liviya adabiyoti tushkunlikka uchradi, 17-18-asrlarda Umar al-Farid, Ahmad al-Bahluliy kabi shoirlar qadimgi Arab she’riyati an’analarini davom ettirdilar. 19-asr oxirida Arab mamlakatlarida vujudga kelgan madaniy uyg’onish harakati 20-asrning 1-yarmigacha Liviyaga ham ta’sir o’tkazdi. Bu davrda ozodlik, ma’rifat va ijtimoiy mavzular Liviyaning mumtoz she’riyati uchun muhim bo’ldi. Ahmad ash-Sharif, Mustafo bin zikriy, Sulaymon al- Baruniy va boshqa shoirlar qasidalarida mustamlakachilarga qarshi kurash mavzui keng ifoda etildi. Ahmad Rafiq al-Mahdum, Ibrohim al-usta Umar kabi shoirlarning 30-40-yillardagi asarlari xalqning Italiya bosqinchilariga qarshi kurashiga bag’ishlandi. Liviya mustaqillikka erishgandan so’ng adabiyot maydoniga Ali Sidqi Abdulqodir, Ahmad Fuod Shinnib, Ali ar-Ruqayn va boshqa shoirlar kelib qo’shildi. 40-50-yillarda hikoyanavislik yuzaga keldi. Uning bosh mavzui — Chinakam mustaqillik va ijtimoiy tenglik uchun kurashdan iborat bo’ldi. Mustafo al-Misuratiy, Abu Harrus, Muhammad Afif, Tolib ar-roviy kabi yozuvchilar o’z asarlariga oddiy xalq vakillari — badaviylar, baliqchilar, fallohlar va hunarmandlarni bosh qahramon qilib oldilar. Keyingi yillarda Jum’a al-Faroniy, Ahmad an-Nuayriy, Abdulhafiz al-Mayar kabi shoir va yozuvchilar adabiyot maydoniga kirib keldilar. Me’morligi va tasviriy san’ati qadimgi Neolit davriga mansub qoyaga ishlangan rasmlar (fil, bizon ovi manzarasi) topilgan. Finikiya san’ati yodgorliklari (miloddan avvalgi 1-ming yillik) orasida loydan ishlangan haykallar, qora lok bilan har xil gul va suratlar solingan keramika buyumlari, shisha idishlar uchraydi. Mozaika va haykallar bilan bezatilgan Yunon, Qadimgi Rim, Vizantiya inshootlarining vayronalari saqlangan. Arab istilosi (7-asr oxiri, 8-asr boshlari)dan keyin tor ko’chali, 1 va 2 qavatli yassi tomli, hovlili uylar qurilgan, 18-19-asrlarda koshin va o’yma naqshlar bilan bezatilgan ko’p gumbazli machitlar paydo bo’ldi. Italiya hukmronligi yillarida (1912— 43) shaharlarda Yevropacha kvartallar barpo etildi. Liviya mustaqillikka erishgach, maktab, kasalxona, turar joy va ma’muriy binolar zamonaviy tipda qurila boshladi. Geometrik shakllardagi naqshlar bilan bezatilgan gilamlar, bosma yoki kashtali charm va o’ymakorlik, zargarlik buyumlari xalq amaliy san’ati qadimgi an’analarga boyligidan dalolat beradi. Musiqasi. Liviya va qo’shni Mag’rib mamlakatlarining musiqasi ko’p asrlar davomida o’zaro hamohang rivojlanib keldi. Shu sababli mazkur mamlakatning musiqa madaniyati (musiqa asboblari, janrlari, parda o’lchovlari) mushtarakdir. Liviya musiqasi tarixiga oid ma’lumotlar deyarli yo’q. Mamlakat tub aholisi — barbarlar musiqasida ohang, she’r va raqs o’zaro qovushib ketgan. Surnay, rubob, ud, qonun, tor kabi cholg’u asboblari keng yoyilgan. Azon aytish, Qur’on suralarini o’qishda alohida musiqiy ohang beriladi. Maqomlar tizimi ham rivojlangan. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida Yevropa musiqasi ta’sir eta boshladi. Kontsert ijrochiligi, estrada musiqasi kabi yangi shakllar paydo bo’ldi. Mustaqillikka erishilgach (1951), musikaga e’tibor kuchaydi. Teatr va musiqa ishlari bosh boshqarmasi tuzildi (1973). Milliy folklor ansambli shuxrat qozondi. Tripolidagi san’at va hunarmandchilik maktabi, Bing’ozidagi universitetda musiqa kadrlari tayyorlanadi. Teatri. Xalq tomosha an’analariga aylanib qolgan “Fonusxayol”, qo’g’irchoq teatrlari va o’ziga xos og’zaki jur. (koni- akl axborot) Liviyada zamonaviy teatrning paydo bo’lishida muhim rol o’ynadi. 1935 yil Darnada Muhammad Abulhodi birinchi teatr truppasini tuzdi va bu truppa Misr, Yevropa teatri san’ati ta’sirida rivojlandi. Liviya mustaqillik yillarida qator havaskorlik to’garaklari va professional uyushmalar: milliy musiqali drama truppasi, Abdulhamid al-Mijrob rahbarligida Tripolidagi “Al-amal”, Misurotadagi “at-toj-al-Fiddi” va boshqalar paydo bo’ldi. 1951 yil Mustafo Muhammad lamir Milliy teatr uyushmasi (aktyor va dramaturglar birlashmasi) — birinchi Liviya teatrini tuzdi. Bu teatr repertuaridan Moler, N. V. Gogol, hozirgi zamon Misr va Liviya dramaturglari asarlari mustahkam o’rin oldi. Keyingi yillarda bir qancha xalq musiqa-raqs guruhlari ishlay boshladi. 1963 yil Tripolida musiqa-drama bilim yurti tashkil etildi. Bing’ozida xalq teatri truppasi, Tripoli va Darna shaharlarida milliy teatrlar mavjud.