Logarifmik lineyka, hisoblash lineykasi
Logarifmik lineyka, hisoblash lineykasi – sonlarni ko’paytirish, bo’lish, darajaga ko’tarish, ildizdan chiqarish va boshqa operatsiyalarni shu sonlarning logarifmlari ustida operasiyalar bajarish bilan almashtiradigan qurol. Oddiy Logarifmik lineyka korpus, surma, vizir chizig’i bo’lgan yugurdak (shisha yoki pleksiglas)dan iborat. 1623 yilda ingliz matematigi E. Ganter kesmalar tsirkul yordamida qo’shiladigan Logarifmik lineykaning o’tmishdoshini ixtiro qilgan. 1630 yilda ingliz matematigi U. Otred tsirkulni ikkinchi chizg’ich (surma) bilan almashtirdi. 1850 yilda Logarifmik lineykaga yugurdak qo’yildi. Logarifmik lineyka yordamida sonni 3-4 belgigacha aniqlikda hisoblash mumkin. U muhandislik hisoblarida, o’quv yurtlarida ishlatiladi.