Logos

Logos (Yunoncha logos) — yunon falsafasidagi tushunchalardan biri; dastlab — so’z, nutq, til; keyinchalik ko’chma ma’noda — fikr, tushuncha, akl, mazmun, olamiy qonun ma’nosini anglatgan. “Logos” terminini Geraklit joriy qilgan. Logosni borliqni har tomonlama anglash, uning ritmi va uyg’unligi deb, avval-ibtido olov bilan aynan deb tushungan, dunyoning asosi deb bilgan. Logos abadiy, umumiy va zaruriy, hamma narsa Logos bo’yicha sodir bo’ladi. Platon va Aristotel Logosni ham borliqning qonuni, ham mantiqiy printsip sifatida tushungan. Aristotel fikricha, ichki Logos (hali aytilmagan fikr) va tashqi Logos (aytilgan so’z) mavjud. Stoiklar ham ichki Logosni tashqi Logosdan farq qilsalarda, lekin ular Logosga birmuncha boshqacharoq mazmun beradilar. Ularning fikricha, Logos hamma narsaning ibtidosi bo’lib, barcha narsalar Logosdan boshlab rivojlanadi. “Logos” tushunchasi yahudiylik va xristianlik ta’limotlarida ham bor. Xristianlikka ko’ra, Logos tshaxs sifatida erdagi tirik Xudo (Iso)dir, Xudo bilan bu dunyo o’rtasidagi vositachidir. Yangi zamon falsafasida “Logos” tushunchasini Gegel ishlatdi, u Logosni ob’yektiv tushuncha bilan birday qilib ko’rsatdi va uni “mavjudot aqli” yoki “olamiy aql” deb hisobladi.